Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Prezident tashrifidan so‘ng: “Samarqand” xalqaro aeroportiga “Ochiq osmon” maqomi berish taklif etildi

Mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev 26 iyul kuni viloyatimizga tashrifi davomida turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun munosib, zamonaviy shart-sharoit, imkoniyatlarni yaratish borasidagi takliflarni ilgari surdi.

Ushbu taklif va tashabbuslar asosida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Samarqand viloyati hokimligi, Transport vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar hamkorligida viloyatda 2022 yilgacha turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashga kirishildi.

Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotlarda keltirilishicha, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi belgilangan mazkur loyihada quyidagi masalalar o‘rin olgan:

* Samarqand shahrining tarixiy qismi va bufer zonalarida har qanday qurilish ishlarini ta’qiqlovchi, bunda istisno tariqasida YuNESKO xalqaro tashkiloti va YuNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyaning xulosasiga ko‘ra qurilish ishlarini tashkil etish bo‘yicha normalar kiritiladi.

* Samarqand viloyati Eshkak eshish kanali va Imom Buxoriy majmualari atrofida xorijiy sayyohlar hamda shahar aholisi uchun dam olish maskanlari, mehmonxonalar, suzish havzalari, bolalar dam olish maskanlaridan iborat turistik zonalar tashkil etiladi.

* “Samarqand” xalqaro aeroportiga “Ochiq osmon” maqomini berish va aeroport tomonidan avia yoqilg‘ini mustaqil realizatsiya qilish choralari ko‘riladi.

* “Samarqand” xalqaro aeroportining xorijiy aviakompaniyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarini tashkil etish bo‘yicha vakolatlari kengaytiriladi.

* Viloyatga olib boruvchi avtomobil yo‘llarida qatnovlar, avia, temir yo‘l reyslari soni keskin oshiriladi.

* Samarqand shahridagi bir qator ko‘chalar sayyohlarning piyoda sayr qilishlari uchun moslashtiriladi.

* Turizm salohiyati mavjud tumanlarda 20 dan ortiq etnoqishloqlar tashkil etiladi.

* Viloyat va unga tutash turistik marshrutlardagi yo‘llar ta’mirlanadi;

* Samarqand viloyati hududida hamda viloyatga olib boruvchi yo‘llar atrofida toza va zamonaviy sanitar-gigiyenik shoxobchalar tarmoqlari tashkil etiladi.

* Viloyatga olib boruvchi avtomagistral yo‘llar atrofidagi infratuzilma ob’yektlari ta’mirlanadi.

* Madaniy me’ros ob’yektlaridan oqilona foydalanish va ularning monetizatsiyasi rivojlantiriladi.

Shuningdek, viloyat hududida turizm infratuzilma ob’yektlari (mehmonxona, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, turistlar uchun bank va aloqa infratuzilma ob’yektlari)ning manzilli ro‘yxati tasdiqlanadi.

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti binosini ta’mirlash ishlarini davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tezkor moliyalashtirish choralari ko‘riladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2019 sentyabr oyiga qadar yuqoridagi loyihalarni amalga oshirish uchun Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan respublikadagi barcha tijorat banklari orqali moliyalashtiriladigan mablag‘larni Samarqand viloyati turizm sohasini rivojlantirish uchun jalb qilinishini ta’minlaydi.

Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati.