Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Profilaktika inspektoriga pora taklif qilgan qimorboz ushlandi

Quva tumanida qimor o‘ynash bilan shug‘ullanadigan kimsa o‘z qilmishini yashirish maqsadida boshqa bir jinoyatga qo‘l urdi. Bu haqda "Postda" nashri xabar berdi.

Gap shundaki, u joriy yilning 17 yanvar kuni Quva tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika inspektoriga murojaat qilib, kutilmagan taklifni o‘rtaga tashlaydi.

Qimorboz profilaktika inspektoriga Quva tumani, Bo‘ston mahallasidagi oshxonalarning birida qimor o‘yini tashkil etishayotgani, bu harakatlarga ko‘z yumib, qonuniy chora ko‘rmasdan yursa, har oyning 17 sanasida 800 ming so‘m miqdorida pora berib turishni taklif qiladi. Profilaktika inspektori fuqaroga qimor o‘ynash huquqbuzarlik, qimorxona tashkillashtirish esa jinoyat ekanligi, davlat organi xodimiga pora taklif qilishning huquqiy oqibatlari haqida har qancha tushuntirmasin, u fikridan qaytmadi.

Oxir-oqibat, profilaktika inspektori qasamyodiga sodiq qolib, fuqaroning bu xatti-harakati haqida rahbariyatga bildirgi bilan murojaat qildi.

Uning bildirgisi asosida o‘tkazilgan tadbir chog‘ida fuqaro 800 ming so‘m miqdoridagi pullarni profilaktika inspektoriga pora tariqasida berayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi.

Mazkur tadbir davomida fuqaro aytgan manzilda bir guruh shaxslar tomonidan qimor o‘ynayotganligi ham fosh etildi. U yerdan 650 ming so‘m miqdoridagi pullar, qarta va oshiq toshlari xolislar ishtirokida, daliliy ashyo sifatida olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.