Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qandli diabetni sog‘lom turmush tarzi bilan yengsa bo‘ladi

Viloyat Matbuot uyida viloyat endokrinologiya dispanseri bosh vrachi G.Negmatova ishtirokida noyabr – Qandli diabet oyligi munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbir boshlanishi avvalida anjuman ishtirokchilari qonda qand miqdorini aniqlash, EKG, UTT, kardiolog, endokrinolog kabi mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazildi.

Anjumanda viloyat endokrinologiya dispanseri bosh vrachi, viloyat bosh endokrinologi G.Negmatova Prezidentimizning 2019 yil 19 apreldagi “2019-2021 yillarda Respublika aholisiga endokrinologiya yordami ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori hamda ushbu dastur bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan ma’lumot berdi.

Ta’kidlandiki, bugungi kunda dunyoda qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar soni 400 milliondan oshib ketgan. Bu 25-65 yoshdagi aholining 7-8 foizini tashkil etadi. Hozir viloyatimizda mazkur kasallik bilan ro‘yxatga olinganlar soni 26,5 ming nafarga yetdi. Shundan 1436 nafari qandli diabetning birinchi turi bilan og‘rigan bo‘lib, 334 nafarini yosh bolalar, 104 nafarini esa o‘smirlar tashkil etmoqda.

- Keyingi paytlarda qandli diabet va qalqonsimon bez kasalliklari bilan og‘rigan bolalar soni ko‘payib bormoqda, - deydi «Umid-D» viloyat qandli diabet bemorlari va nogironlariga yordam beruvchi jamiyat raisi Karina Tatinsyan. – Buning oldini olish maqsadida shahar va tumanlarda muntazam tibbiy ko‘rik tashkil etish orqali bemor bolalarni aniqlab zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatib kelyapmiz. Kasallikning salbiy omillari xavf darajasini kamaytirish maqsadida sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ib qilinmoqda.

Viloyat endokrinologiya dispanserida 40 dan ortiq yangi laborator tahlillarni tekshirish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, biokimyoviy va gormonal tahlillar, funksional diagnostik tekshiruvlar, exokardiografiya, exoensefalografiya va oyoq qon tomirlarining dopplerografiyasi amalga oshirilmoqda. Joriy yilda dispanserda yangi tireodolgiya va endokrin jarrohlik, diabetik to‘piq, bolalar endokrinologiyasi, intensiv davolash va reanimatsiya bo‘limi ishga tushirildi. 3,4 milliard so‘mlik investitsiya mablag‘lari sarflanib, ekspress laboratoriya, qabul va sterilizatsiya bloklari uchun yangi bino qurilib foydalanishga topshirildi. Barcha bo‘limlar zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi.

Viloyatda endokrinolog mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olgan holda 30 nafar yosh shifokor Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida malaka oshirdi.  Ikki nafar shifokor esa Rossiyaning yetakchi klinikalarida tajriba almashib qaytdi.

Matbuot anjumani ishtirokchilarining savollariga mutaxassislar javob berishdi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.