Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qayum Sobirov: Yoshlarning yetuk mutaxassis bo‘lishidan manfaatdorligimizni anglaganimizdagina ta’lim tizimidagi islohotlar samara beradi

Yurtimizda ta’lim tizimiga e’tibor oshdi. Maktabgacha ta’lim tizimidan boshlab, oliy va undan keyingi ta’limgacha ko‘plab yangilik va o‘zgarishlar joriy qilindi.

Bu boradagi huquqiy asoslar takomillashtirildi, yangi qonunlar, dastur va konsepsiyalar ishlab chiqildi. 

Davlatimiz rahbari boshchiligida ushbu masala tez-tez muhokama qilinmoqda. Ta’lim-tarbiyaga nafaqat mamlakat miqyosida, balki har bir hudud, mahalla, oila doirasida e’tiborni kuchaytirish talab etilmoqda. Va albatta, bu harakatlar sekin-asta o‘z mevasini bermoqda. Bolalarning bog‘chaga qamrovi oshyapti, maktablarda o‘qish-o‘qitish sifati yaxshilanmoqda, professional ta’lim mohiyatini aholi anglay boshladi, oliy ta’limda zamonaviy yondashuvlar bo‘y ko‘rsatmoqda.

Bir muddat avval Jomboy tumani hokimi eng a’lochi, faol maktab o‘quvchilariga stipendiya bermoqchi ekanligi haqida gap chiqqanda ham buni sohadagi o‘zgarishlarning bir natijasi sifatida qabul qilgan edik. Lekin bu hali bir g‘oya, amalga oshadimi-yo‘qmi, vaqt ko‘rsatadi, deb o‘ylaganimiz haqiqat. Yaqinda eshitdik – bu tashabbus amalga oshirilibdi. Fan olimpiadasining tuman bosqichida eng yuqori natija qayd etgan 4 nafar o‘quvchiga hokim o‘z hisobidan 250 ming so‘mdan stipendiya beribdi. Shugina stipendiyaga shunchami, deyishga shoshilmang.

– Gap stipendiya miqdori yoki kimning hisobidan ajratilishida emas, – deydi Jomboy tumani hokimi Qayum Sobirov. – Bu bilan maktabdagi ta’lim jarayonlariga, o‘quvchilarning yaxshi bilim olishiga befarq emasligimizni, yaxshi o‘qigan o‘quvchi rag‘batsiz, e’tiborsiz qolmasligini ifodalamoqchimiz, xolos. Qolaversa, bu tashabbusga tumanimizdagi boshqa rahbarlar, tadbirkorlar va saxovatli kishilar ham qo‘shilishidan umidvormiz.

Eng yaxshi investitsiya ta’limga, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga kiritilgan investitsiya deymiz-ku, o‘zimiz bu gapga amal qilaylik-da. Yoki xorijdagi falon kompaniya, falonchi biznesmen stipendiya ta’sis etibdi, maktabga, kollej yoki oliy o‘quv yurtiga buncha mablag‘ ajratibdi, degan gaplar tez-tez qulog‘imizga chalinadi. Nega endi bu ishni biz qilmasligimiz kerak, bizda bunday imkoniyatga ega insonlar yo‘qmi? Bor, albatta, gap bu ishga e’tibor va hafsala qilishda.

Keyingi paytda shunday niyatdagi kishilar ko‘payayotganini eshitsam xursand bo‘laman. Mana, shu to‘rt nafar o‘quvchiga ilk stipendiyani berganimizdan so‘ng, tumanimizdagi to‘rtinchi sektor rahbari, soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘z sektori hududidagi maktablar o‘quvchilari uchun shunday rag‘batlantirish tizimini joriy etish tashabbusini bildirdi. Endi o‘ylab ko‘ring, rahbarlar o‘quvchilarning yaxshi o‘qishini qo‘llab-quvvatlab turganda ota-onalar ham hech bo‘lmasa, o‘zlariga “men farzandimning puxta bilim olishi, kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lishi uchun nima imkoniyat yaratib berdim?” deb savol beradiku.

Mahalla oqsoqoli, faollari maktabga borib, o‘z hududlari yoshlari ta’lim-tarbiyasi bilan qiziqadi-ku. O‘qituvchilar o‘quvchiga sidqidildan saboq berib, xalq oldida ham, davlat oldida ham yuzi yorug‘ bo‘lishini o‘ylaydi-ku. Mana bizning maqsadimiz nimadan iborat? Bu – aslida, bugun Prezidentimiz barchamizning oldimizga qo‘yayotgan vazifa, ta’limga e’tiborning pirovard maqsadi. Qachonki, birinchi navbatda, ota-onalar, biz – kattalar yoshlarning yaxshi bilim egallashi, yetuk mutaxassis bo‘lishidan manfaatdor ekanligimizni anglaganimizdagina tizimdagi islohotlar samara beradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Jomboy tumanida 56 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning ikkitasi – 20 va 40-maktablar ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi hisoblanadi. Ta’lim muassasalarida 31 ming 700 nafardan ortiq o‘g‘il-qizlar saboq olmoqda. 12 maktabda darslar bir navbatda, 44 maktabda esa ikki navbatda tashkil etilgan.

– Yigirmadan ortiq maktabimizda sinf xonalar yetishmaydi, – deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Zamira Yusupova. – Asosiy muammomiz ham shu. Yaqinda tumanimiz hokimi bilan birga ushbu muassasalardagi shart-sharoitni o‘rgandik. Viloyat, respublika darajasida hal etilishi kerak bo‘lgan muammolar yuzasidan tegishli idoralarga murojaat qildik, o‘z takliflarimizni bildirdik.

Tuman darajasidagi masalalarni hokimimiz yordamida, muhalliy byudjet imkoniyatlaridan foydalanib hal qilyapmiz. Masalan, 39-maktab uchun 4 ta yangi sinfxona qurildi, 11, 13-maktab binolari tom qismi ta’mirlandi. Ikkita tayanch maktabimizga elektron doska va kompyuter jihozlari ajratildi.

Bundan tashqari, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan 1,2 milliard so‘m mablag‘ evaziga 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Keyingi yil dasturiga ham o‘z takliflarimizni berganmiz va bir nechta maktablarimizda qo‘shimcha o‘quv binolari quriladi. 

Ayni vaqtda tumandagi maktablarda faoliyat ko‘rsatayotgan 2294 nafar pedagog xodimlarning 2007 nafari oliy ma’lumotli o‘qituvchilar. 66 nafari oliy toifaga, 252 nafari birinchi, 511 nafari ikkinchi toifaga ega. 2019/2020 o‘quv yilida jomboylik 2373 nafar maktab bitiruvchilarining 264 nafari oliy o‘quv yurtlariga talabalikka tavsiya etildi. Joriy o‘quv yilida esa 11-sinfni 2151 nafar o‘quvchi bitirishi kutilmoqda.

– Kelgusi yilda bitiruvchilarimizning oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishi ko‘rsatkichi yuqori bo‘lishi uchun har bir maktabda harakat boshlangan, – deydi tuman hokimi Q.Sobirov. – O‘zim har kuni maktablar faoliyati bilan tanishish jarayonida bitiruvchilar bilan suhbatlashyapman, ularning kelajakdagi rejalari bilan qiziqyapman. Bu yil har bir maktabda bitiruvchilar qaysi yo‘nalish bo‘yicha o‘qishga kirish niyati borligiga qarab, tanlagan mutaxassisligiga mos fanlar chuqurlashtirib o‘qitilmoqda.

Dars mashg‘ulotlariga viloyatimizdagi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilarini jalb qilyapmiz. Shu maqsadda Samarqand davlat universiteti, chet tillar instituti, iqtisodiyot va servis instituti, arxitektura-qurilish instituti bilan hamkorlikda ishlayapmiz.  Davlat test markazi viloyat bo‘limi yordamida ulardagi test savollari bankidan foydalanyapmiz. Har oy yakunida bitiruvchilarimiz test topshirib, bilimlarini sinovdan o‘tkazmoqda. Natijaga qarab qaysi fanni, mavzularni yana ham chuqurroq o‘tish belgilab olinmoqda. 

To‘g‘ri, bugun hokimlar, sektor rahbarlari zimmasida hududda sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksportni ko‘paytirish, kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va yana boshqa ko‘plab vazifalar bor. Lekin ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish ham hokimlar oldidagi eng asosiy, alohida e’tibor talab qiladigan masalalardan hisoblanadi. Kerak bo‘lsa, boshqa ko‘p masalalar, ijtimoiy muammolar yechimi aynan ta’lim samaradorligiga bog‘liq bo‘lmoqda. E’tiborlisi, keyingi paytda bu haqiqatni anglagan hokimlar, rahbarlar ko‘paymoqda.

Ushbu fikrlarni yoza turib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir xabar e’tiborimni tortdi. Samarqand viloyati hokimligi Metsenat.uz loyihasi doirasida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan magistrlar uchun stipendiyalar tanlovini e’lon qilibdi.

G‘olib bo‘lgan 10 nafar magistrga 6 oy davomida 1 million so‘mdan stipendiya berilar ekan. Bu ham davlat hokimiyati boshqaruv organlarining, hokimlarning ta’lim tizimiga e’tibori oshayotganidan, yaxshi mutaxassisni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishdan avvalo o‘zlari manfaatdor ekanligini his qilayotganidan dalolat, nazarimda.

G‘olib HASANOV.