Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qirg‘izistondan giyohvandlik vositasi olib o‘tgan shaxs ushlandi

2020 yil 3 iyul kuni soat 23:00 da 59 yoshli S.K. Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi «M» ismli shaxs bilan jinoiy til biriktirib bojxona nazoratini chetlab, «M»ning yordamida Qirg‘iziston Respublikasi bilan O‘zbekiston Respublikasini ajratib turuvchi, bojxona nazorati o‘rnatilmagan «Norin» daryosi orqali, daryoning Qirg‘izistondagi qirg‘og‘idan O‘zbekistondagi qirg‘og‘iga qarab, baliq tutishga mo‘ljallangan qarmoq yordamida «gashish» giyohvandlik vositasini olib o‘tkazganidan so‘ng S.K. ushbu giyohvandlik vositasini yashash uyi darvozaxonasiga olib borib, yashirib qo‘ygan.

Shundan keyin S.K. o‘zining tanishi, 44 yoshli R.A. bilan jinoiy til biriktirib, 2020 yil 5 iyul kuni 513,53 gramm «gashish» giyohvandlik vositasini 3.500 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, shu kunning o‘zida S.K.ning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, yashash uyida 0,21 gramm «marixuana», 13,47 gramm «gashish» va 0,74 gramm “ko‘knor somoni” giyohvandlik vositalarini saqlab kelganligi aniqlanib, mazkur vositalar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda Uchqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilib, S.K. va R.A.lar gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.