Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qishloq aholisi qayerda madaniy dam oladi?

Keyingi paytda bu masala viloyatimizning ayrim hududlarida e’tibordan chetda qolib kelmoqda. Negaki, saytimizda va «Zarafshon» gazetasining joriy yil 1 avgust, 97-sonida Samarqand tumanida istirohat bog‘i yo‘qligini yozgan edik. Unda hukumat tomonidan alohida qaror qabul qilingan bo‘lishiga qaramasdan viloyatimizning bir qator tumanlarida ham istirohat bog‘lari odamlar gavjum bo‘ladigan joyga, haqiqiy madaniy dam olish go‘shasiga aylanmayotganini bayon qilgandik. Afsuski, bu maqoladan keyin ham joylarda vaziyat o‘zgarmagan ko‘rinadi.

Jomboyliklarga “park” kerak emasmi?

To‘g‘ri, Jomboy tumanida istirohat bog‘i mavjud. Ammo savolni bu tarzda qo‘yishimizning boshqa sababi bor.

- Istirohat bog‘ida attraksion o‘rnatib, undan foyda topaman, degan tadbirkorlar yo‘q, - deydi tuman madaniyat bo‘limi boshlig‘i Asqarali Abdurazzoqov. - Shuning uchun bog‘da o‘yin qurilmalari, turli ko‘ngilochar vositalar o‘rnatilmagan.

Ochig‘i, ushbu istirohat bog‘ining holiga bugun maymunlar yig‘laydi. Munosabatni esa yuqorida mas’ullardan birining gapidan ham bilish mumkin.

Tuman markazidagi «Yoshlar bog‘i», deb nomlangan istirohat bog‘i juda qulay joyda tashkil qilingan. Ko‘chadan qarasangiz shinam va fayzli ko‘rinadi. Ammo...

Umumiy maydoni 1116 kvadrat metr bo‘lgan bog‘ 2015 yilda faoliyatini boshlagan. Biroq bor-yo‘g‘i to‘rt yilning nari-berisida bog‘ning o‘rindiqlari xuddi o‘ttiz yil xizmat qilgandek holatga kelib qolgan. O‘rindiqlarning birida ikki dona yog‘och taxta, ikkinchisida bir dona, boshqasida esa faqat tirgaklar qolgan va mavjud taxtalar shamol uchirib ketmasligi uchun bo‘lsa kerak, rangli tasmalar bilan bog‘lab qo‘yilgan.

Qarovsizlik tufayli mavjud 5-6 ta attraksionlarning ichi va atrofi har xil chiqindilarga to‘lib bormoqda. Savol tug‘iladi: yangisini o‘rnatadigan tadbirkor topilmasa, mavjud attraksionlardan unumli foydalanish mumkin-ku?

Mayli, mutasaddilar odamlarning madaniy hordiq chiqarishlariga bee’tibor ekan. Biroq mavjud attraksionning borini ijaraga berganda ham 5-6 ta yangi ish o‘rinlari yaratsa bo‘ladi.

Katta yo‘lga yaqin bo‘lsa-da, istirohat bog‘i borligi jomboylik mutasaddilarning butkul yodidan ko‘tarilgan, shekilli. Agar shunday bo‘lmaganida, hudud toza-ozoda saqlangan bo‘lar, bog‘ obodonlashtirilardi.

Bugun bu yerga hech kim oyoq bosmay qo‘ygan. Tabiiyki, odam bormaydigan joyda savdo-sotiq qilish qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi. Shu bois istirohat bog‘ida mavjud do‘konlar eshigi tambalab tashlangan.

Bog‘ o‘rtasiga bir vaqtlar yaxshi niyatlar bilan favvora qurilgan. Biroq bugun favvora juda achinarli holatda.

Eshitishimizcha, istirohat bog‘i direktori lavozimi qariyb bir yildan buyon vakant ekan. Nima, Jomboyda bunday maskanga rahbarlik qilishga loyiq odam yo‘qmi yoki rostdan ham tumanga istirohat bog‘i kerak emasmi?

Oqdaryoliklarga-chi?

Istirohat bog‘i deganda, ko‘z o‘ngimizga so‘lim, atrofi gullar va daraxtlarga burkangan, bir yonda bolalarning sho‘x hayqiriqlariga to‘la o‘yingohlar, bir yonda o‘rindiqda kitob mutolaa qilayotgan kishilar keladi. Ammo Oqdaryo tumani istirohat bog‘idagi manzara buning aksi. Bog‘ markazda bo‘lishiga qaramay huvillab turibdi. Qalin chinorlar bilan o‘ralgan hududda qushlarning chug‘ur-chug‘uridan boshqa hech sado eshitmaysiz. Mavsum tugadi-da, deyishingiz mumkin. Ammo bu yerdagi holatdan mavsumda ham bog‘ qanday ishlagani ma’lum.

Kichik yoshdagi bolalar uchun qurilgan to‘rt-beshta attraksiondan ham ancha vaqtdan buyon foydalanilmagan, obodonlashtirish ishlari ko‘zga ko‘rinmaydi. Maysa o‘stirish uchun suv purkagich qilingan, ammo yashillikning o‘zi yo‘q.

- Nevaralarim televizor orqali bolalarning attraksionlarda miriqib uchayotganini ko‘rib, parkka olib boring, deydi. Yilda bir bor shaharga olib boraman. To‘g‘ri, tumanimizda istirohat bog‘i bor. Ammo u yerdagi to‘rt-besh attraksionni hisobga olmaganda boshqa ko‘ngilochar o‘yingohlar, dam olish maskanining o‘zi yo‘q, - deydi istirohat bog‘i oldidan o‘tib ketayotgan onaxonlardan biri.

- Mazkur bog‘ 1980 yildan buyon dam olish maskani sifatida foydalanib kelinayapti, - deydi istirohat bog‘i rahbari Ahror Jalilov. - 2017 yilda 1,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga qayta qurilib, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Aholining madaniy hordiq chiqarishi uchun amfiteatr, musiqali favvora, 4 ta pavilon, Nuroniylar maskani, Motamsaro ona haykali barpo etildi.

Ammo qurilganiga ikki yil bo‘lishiga qaramay ushbu pavilonlarning hech biri faoliyat yuritmaydi. Faqatgina bog‘ning bir chetida oshxona ishlab turibdi.

- Istirohat bog‘imizdagi 730 tup chinor va 4 tup ko‘kterak 1980 yilda ekilgan, - deydi A.Jalilov. – Daraxtlar yildan yil kattarib, bir-biriga xalaqit bermoqda. Tig‘izligi uchun ayrimlari chirigan. Ko‘rib turganingizdek, biror attraksion qurish uchun avvalo, ochiq maydon bo‘lishi kerak. O‘tgan yil ham ko‘kalamzorlashtirish uchun maysa ekdik. Ammo tangadek ham quyosh bo‘lmagani uchun ko‘karmadi. Gullar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Tadbirkorlar tomonidan pavilonlar qurilgan, ammo odam kirmagach, ular ham faoliyatini boshlamagan.

2017 yilgi rekonstruksiya vaqtida musiqali favvora qurilgan edi. Lekin qurilish tashkilotining e’tiborsizligi sabab, ishlar to‘liq olib borilmagan.

Madaniyat markazlari bor-u, havaskorlar kam

Oqdaryo tumanida 36 mahalla bo‘lib, ularga 5 ta madaniyat markazi xizmat qiladi. 1-son madaniyat markazida 8 ta to‘garak faoliyat yuritsa, qolgan madaniyat markazlarida 3 tadan to‘garak ishlab turibdi. Bizni ajablantirgani aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan bu maskanda faoliyat yuritayotgan to‘garaklarga ishtirokchilarning kamligi. Tuman madaniyat bo‘limining ma’lumotiga ko‘ra, 156 ming aholi istiqomat qilayotgan tumanda 100 nafardan ortiq yoshlar to‘garaklarda qatnashar ekan.

- 1-son madaniyat markazi binosi 1980 yilda qurilgan bo‘lib, 2014 yilda qayta ta’mirlandi, - deydi tuman madaniyat bo‘limi rahbari Nasimxon Jaxparov. – Tomosha zalining tom qismidan chakka o‘tgani sabab joriy yilda to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Bugungi kunda barcha tadbirlarimiz 400 o‘rinli mazkur tomosha zalimizda o‘tkaziladi. Dutor, qo‘g‘irchoq teatri, doira, rubob, folklor, ashula, raqs, milliy estrada kabi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ularda 60 nafarga yaqin havaskorlar ishtirok etadi. Boshqa madaniyat markazlarida 3 tadan to‘garak ishlaydi. Ularda 20 nafarga yaqin bola to‘garakka qatnaydi.

Xo‘sh, nega boshqa madaniyat markazlariga havaskorlar jalb qilinmagan? Tumanning chekka hududlarida aholi san’at va madaniyatga qiziqmaydimi?

- 3-son madaniyat markazimiz tumanning chekka hududlaridan biri Avazali mahallasida joylashgan, - deydi tuman madaniyat bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Oynazar Olimov. - Markaz kollej binosida ish olib boradi. 4-son madaniyat markazi O‘zbekiston mahallasi binosida, 5-son madaniyat markazi ham Dahbed shaharchasidagi Oqdaryo agroiqtisodiyot kasb-hunar kollejida faoliyat ko‘rsatadi. Ulardagi to‘garaklar va havaskorlarning kamligi sababi madaniyat muassasalarining o‘z binosiga ega emasligida. Aholida qiziqish bor. Masalan, karnay-surnay, rassomlik, fortepiano o‘rgatish kabi to‘garaklarga farzandini olib kelishni istovchilar ko‘p. Ammo kadrlar masalasi muammo. Rassomlik to‘garagi ochish uchun yaxshi iste’dodli rassom kerak. Lekin ular to‘garaklarda ishlamaydi. Musiqa asboblarimiz ham yetishmaydi.

 “Komissiya”dan bezigan direktor

Jomboy tumanidagi 10-son bolalar musiqa va san’at maktabidamiz. Kelganimizni direktor kotibasiga bildirdik. Kotiba ichkariga kirib ketgach, direktorning “Yana komissiyami, jonga tegdi komissiyasiyam. Ishlagani qo‘yadimi, yo‘qmi bular?” deganini eshitdik. Bilsak, uch kundan buyon direktor “komissiya” bilan band ekan.

- Meni to‘g‘ri tushuning, ishlashimiz ham kerak-ku, axir. Bugun endi ishlayman deb turganimda kotibam komissiya keldi, deyapti, - dedi maktab direktori Hasan Saidov biz bilan salomlashar ekan.

Direktorning qimmatli vaqtini olishni istamasak-da, maktabdagi kamchiliklar haqida so‘radik.

- Maktabimizda 40 nafar o‘qituvchi bor, - dedi u. – Ularning 18 nafari oliy ma’lumotli, qolgan 22 nafari o‘rta maxsus ma’lumotga ega. Bizga mutaxassis o‘qituvchilar yetishmaydi, ba’zan boshqa musiqa maktablaridan o‘rindoshlik asosida o‘qituvchi chaqirtiramiz. Shuningdek, maktabga xalq cholg‘u asboblari to‘plami kerak. Musiqa maktabi foydalanishga topshirilayotganda bu negadir e’tibordan chetda qolgan.

Maktab 2011 yilda foydalanishga topshirilgan. Bugungi kunda bu yerda 236 nafar o‘quvchi musiqa va san’at sirlarini o‘rganmoqda. Mashg‘ulotlar bolaning umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi darslariga xalaqit bermaydigan tarzda qo‘yilgan. Masalan, tushgacha maktabga boradigan bola kunning ikkinchi yarmida musiqa va san’at maktabiga keladi yoki aksincha.

Bolalar 6-9 yoshdan yetti yil, 6-11 yoshdan besh yil muddatga maktabga qabul qilinadi. Muammoli tomoni shundaki, 12 yoshdan bolalar musiqa va san’at maktabiga olinmaydi. Maktab boladan endi natija kutayotgan payti u ketadi. 6 yoshdan maktabga qabul qilingan bola yetti yildan so‘ng, ya’ni 7-sinfda musiqa maktabini tugatadi. Bunday tartib “Musiqa va san’at maktablari to‘g‘risida”gi nizomda belgilangan. Bola 7-sinfdan 11-sinfgacha qayerda o‘qiydi? Faqat umumiy o‘rta ta’lim maktabida. U maktabni tugatib, o‘qishga kirguniga qadar musiqa va san’atdan olgan bilimlarini unutadi. Bu muammo respublika bo‘yicha o‘rganilishni talab etadi.

Maktabning kuz-qish mavsumiga nechog‘li tayyor ekanligi bilan ham qiziqdik. Bu yerda isitish tizimi mavjud, biroq isitish qurilmasi maktabdan 60 metr uzoqlikda joylashgan. Isitilgan suv maktab binosiga yer ostidan quvur orqali keladi. Qishda issiq suv maktabga borguncha soviydi, shuning uchun bino harorati issiq emas, iliq bo‘lib turadi. Isitish qurilmasi gaz va elektrga bog‘liq bo‘lgani uchun ulardan ikkisi ham bo‘lmasa, maktab isimaydi, to‘g‘rirog‘i, ilimaydi. Direktor bu haqda tegishli joylarga bir necha bor murojaat qilgan, ammo haligacha natija bo‘lgani yo‘q.

Xullas…

Biz bejiz bu mavzuga qaytmadik. Viloyatimizdagi istirohat bog‘larining aksariyatida aholining madaniy dam olishi uchun sharoit yaratilmagan. Attraksionlar ham ma’nan eski. Ayrimlarida umuman yo‘q. Ammo farzandi, nevarasining istirohat bog‘ida dam olishini istovchi ota-otalar ko‘p.  

Shuningdek, viloyat madaniyat boshqarmasi tasarrufida 30 ta bolalar musiqa va san’at maktablari bor. Ularda 8367 nafar o‘quvchi tahsil oladi. 2018/2019 o‘quv yilida 604 nafar o‘quvchi maktabni tugatgan bo‘lsa, shundan 145 nafari san’at yo‘nalishida tahsilni davom ettirmoqda. Har bir tumanda bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyat yuritar ekan, ularni tugatgan iste’dodli o‘quvchilar bilan madaniyat markazlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mumkin. Yoxud tashabbuskor tadbirkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida attraksionlar olib kelib, istirohat bog‘lari faoliyatini tubdan yangilash, hashar yo‘li bilan obodonlashtirish ishlarini olib borsa bo‘ladi. Axir, bu maskanlarda siz-u bizning farzandlarimiz madaniy dam oladi.

Xurshida ERNAZAROVA,

Nasiba JONTO‘RAYeVA,

«Zarafshon» muxbirlari.