Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qo‘shrabotda “temir daftar”ga kiritilgan 50 nafar iste’molchilarga suyultirilgan gaz ballonlari bepul tarqatildi

Xalq deputatlari  Qo‘shrabot tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida Energetika vazirligining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik shtabi tomonidan 2020-2021 yillarda kuz-qish mavsumida aholini tabiiy va suyultirilgan gaz, ko‘mir bilan ta’minlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar haqida xalq noiblariga axborot berildi.

Ta’kidlanishicha, ayni kunlarda Samarqand viloyatida suyultirilgan gaz iste’molchilari soni 479 339 tani tashkil etib, kuz-qish mavsumida aholini muntazam suyultirilgan gaz mahsulotlari bilan ta’minlash uchun 51 ming 332 tonnaga yaqin mahsulot ajratilgan. Bu ko‘rsatkich 2019-2020 yil kuz-qish mavsumiga nisbatan 19 ming 887 tonnaga ko‘p. O‘tgan mavsumda ajratilgan mahsulot bir oyda har bir xonadonga 10,8 kilogramdan to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, joriy mavsumda suyultirilgan gaz mahsulotlari har bir xonadonga 17,7 kilogramdan to‘g‘ri kelmoqda.

Shuningdek, shtab rahbari tomonidan Qo‘shrabot tumani aholisining 30 foizi tabiiy gaz, 70 foizi esa suyultirilgan gaz mahsulotlari bilan ta’minlanadi. Qo‘shrabot tumani viloyatning chekka hududi bo‘lganligi uchun joriy yilda aholi xonadonlariga xizmat ko‘rsatadigan yangi gaz taqsimlash shoxobchasi qurib bitkazilib, 1 sentyabrdan ishga tushirildi. Bundan tashqari, aholini kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan ta’minlash maqsadida har bir iste’molchiga 700 kilogramdan ko‘mir mahsulotlari ajratilgan.

Sessiyada deputatlar tomonidan bu yil qish qattiq kelishi kutilayotganligi, aholi xonadonlari uchun ajratilgan ko‘mir mahsulotlarining miqdori kamligi aytilib, kelgusida ko‘mir miqdorini mahallalarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda belgilash taklifi o‘rtaga tashlandi.

Qolaversa, sessiyada deputatlar tomonidan tabiiy gaz ta’minotidagi muammolar, jumladan, keyingi ikki kunda nafaqat Qo‘shrabot tumani, balki viloyatning ko‘pgina hududlarida aholi tomonidan gaz bosimi pasayib ketganligidan shikoyat kelib tushayotganligi aytildi.

Bu yil pandemiya tufayli barcha ishlab chiqarish sohalari uchun og‘ir yil bo‘ldi. Vazirlar Mahkamasining maxsus qarorida shu haqda belgilab qo‘yilgan. Aholida gaz bosimi pasayib ketdimi, demak, biz ulgurji iste’molchilarni uzib, boshqa muqobil energiyaga o‘tkazish, tabiiy gazni birinchi navbatda aholiga yo‘naltirish lozim.

Sessiyadan so‘ng Qo‘shrabot tumani aholisiga 170 tonna ko‘mir mahsulotlari va 8 tonnadan ziyod suyultirilgan gaz mahsulotlari tarqatildi.

Shuningdek, tadbir davomida Qo‘ralos MFYda yashovchi e’tiborga muhtoj, nogironligi bor, “temir daftar”ga kiritilgan 2 nafar fuqarolarning xonadoniga gaz plita, suyultirilgan gaz to‘ldirilgan maishiy gaz ballon va 300 kilogramdan ko‘mir mahsulotlari berildi. Bundan tashqari, 50 ta kam ta’minlangan xonadonlarga bepul maishiy gaz ballonlari va 300 kilogramdan ko‘mir mahsulotlari beminnat yetkazib berildi.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti axborot xizmati.