Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand jahon turizm markaziga aylanadi

Har bir obidani bir kun tomosha qilish kerak

Samarqand shahrida MDH mamlakatlari turizm kengashining navbatdagi yig‘ilishi hamda birinchi turistik yarmarkasi o‘tkazildi.

Tadbir dasturiga ko‘ra, hamdo‘stlik davlatlari, xalqaro tashkilotlarning shu soha bo‘yicha mas’ullari bir kun Samarqand shahridagi turistik ob’yektlar, tarixiy-madaniy yodgorliklar bo‘ylab sayohat qildi. Yo‘nalish katta emas edi – Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Bibixonim masjidi, Ulug‘bek rasadxonasi, “Konigil-meros” qog‘oz ishlab chiqarish ustaxonasi va boshqa o‘nga yaqin maskan. Mehmonlar kun davomida ushbu ob’yektlar bilan tanishgach, Samarqanddagi tarixiy obida va muqaddas qadamjolarning har birini bir kun tomosha qilish mumkin ekan, deyishdi.

Bunday fikrni avval ham ko‘p eshitganmiz. Yoki xorijga borib kelgan yurtdoshlarimiz sayohatga borgan joylaridagi muzey yoki tarixiy maskanni tomosha qilish uchun bir kun vaqt ajratilganini aytishgan. Bunday dastur, avvalo, turist uchun sayohatdan ko‘proq zavq olish, unutilmas taassurotlarga ega bo‘lishda qulay imkoniyat. Ikkinchi tomondan, sayyohlarning bir necha kun mehmon bo‘lishidan o‘sha yurt iqtisodiyoti ham yaxshigina foyda ko‘radi.

Mamlakatimizning sayyohlik salohiyati jahonning turizm rivojlangan davlatlaridan kam emas. Ya’ni, bizda borib ko‘rish, ziyorat qilish, zavq olish mumkin bo‘lgan turistik ob’yektlar ko‘p. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Toshkent kabi tarixiy shaharlarimizdan tashqari, mamlakatimizning boshqa istalgan hududida ekologik turizm, agroturizm, ziyorat turizmi, gastronomik turizm va boshqa yo‘nalishlarni rivojlantirish imkoniyatlari bor.

Bugun dunyo mamlakatlarida kuzatilayotgan turizmni rivojlantirish orqali iqtisodiyotni mustahkamlash, yangi ish o‘rinlari yaratish tendensiyasi keyingi yillarda bizning yurtimizda ham yaqqol namoyon bo‘la boshladi. Prezidentimizning mazkur tarmoqqa bo‘lgan alohida e’tibori natijasida O‘zbekistonning boy turistik imkoniyatlaridan samarali foydalanish, sayyohlik salohiyatini oshirish maqsadida uzoq istiqbolga mo‘ljallangan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Fikrimizni Samarqand misolida davom ettirsak.

Yangi yo‘nalishlar – yangi taassurotlar

Yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimini ko‘paytirish, ular uchun zamonaviy servis xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tufayli o‘tgan yili viloyatga 2017 yildagidan ikki borabar ko‘p, ya’ni 2 million mahalliy hamda 351 ming xorijlik sayyoh keldi. Ularga 116,7 million dollarlik xizmatlar ko‘rsatildi. Xorijiy sayyohlarning viloyatda qolishi o‘rtacha 2,5 kunni tashkil etdi. Bu yil esa 2,5 million mahalliy va 500 ming chet ellik sayyohning kelishi kutilmoqda.

– Samarqand bugungi kunda sayyohlarni nafaqat bir necha asrlik tarixiy obidalari bilan, balki betakror tabiat manzaralaridan zavq olib, mazmunli dam olish, sayr qilish, milliy urf-odat va an’analar bilan yaqindan tanishish, sharq shirinliklari, sarxil meva-sabzavot va bog‘dorchilik mahsulotlaridan tatib ko‘rish, sharqona bozorlarda xaridlarni amalga oshirish, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish, davolanish va boshqa imkoniyatlar mavjudligi bilan o‘ziga rom etmoqda, – deydi Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti boshlig‘i Dilshod Narziqulov. – Ayni paytda viloyatimizda 541 ta turistik ob’yekt, 157 ta turoperatorlik sub’yekti mavjud. Bir vaqtning o‘zida 6100 nafar mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega 131 ta mehmonxona va 93 ta mehmon uyi faoliyat ko‘rsatmoqda. 209 ta turistik sinfga mansub avtotransport vositalari, 230 nafar hamroh-tarjimonlar sayyohlarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Yaqin yillargacha sayyohlar uchun taklif etiladigan yo‘nalishlarimiz asosan Samarqand shahridagi tarixiy obidalar va muzeylar bilan cheklanardi. Lekin bugun viloyatimizda turizmning tarixiy-madaniy, ziyorat, ekologik, gastronomik, madaniy-ma’rifiy, arxeologik, sog‘lomlashtirish va agroturizm yo‘nalishlari jadal rivojlanib, yil sayin ulardagi ob’yektlar ko‘payib bormoqda.

Jumladan, keyingi yillarda ziyorat turizmi marshrutiga Samarqand shahri va viloyatimizning boshqa tuman, shaharlaridagi Islom Karimov maqbara-majmuasi, Xo‘ja Abdu Darun, Xo‘ja Abdu Berun, Xo‘ja Ishoqi Vali, Abdurahmon ad-Dorimiy, Shayx Xudoydodi Vali, Said Ibrohim Ibn Imomi Musoi Kozim ziyoratgohlari qo‘shildi.

Ekologik turizm yo‘nalishiga qo‘shilgan Jomboydagi Zarafshon milliy bog‘i, Samarqand tumanidagi Ohalik va Mironqul tog‘li qishloqlari, Urgutdagi Taxtaqoracha dovoni va Beshkon, Omonqo‘ton, Qoratepa qishloqlaridagi suv omborlari va g‘orlar, tog‘li hududlar, Nurobod tumanidagi Sazag‘on, Anjirli, Jom, Ibroyim ota aholi yashash maskanlaridagi rekreatsion hududlar, Qo‘shrabotning Pangat, Qizilbel, Qoratosh, Jonbuloq qishloqlaridagi buloqlar atrofi, Fozilmon davlat o‘rmon xo‘jaligi sayyohlarga manzur bo‘lmoqda. Ushbu ob’yektlar atrofida servis shoxobchalarining tashkil etilgani hudud aholisi bandligini ta’minlash va ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlayapti.

Shuningdek, Zarafshon milliy bog‘ida tashkil etilgan ekoturizm maskani, Samarqand tumanining Bo‘zi mahallasidagi “Chinaras” agro-eko turizm hududi, Konigil mahallasidagi milliy kulolchilik buyumlari ustaxonasi ham sayyohlar bilan gavjum bo‘lmoqda.

Shu paytgacha Samarqand gastronomik turizm marshruti asosan “Samarqand nonlari” va “Qovun sayli”dan iborat bo‘lsa, endilikda ular qatoriga “Palov sayli”, “Sharq shirinliklari”, “Kishmish”, “Silk Road Bazaar” festivallari, “Novvot sayli”, “Kabob sayli” va boshqa shu kabi tadbirlar qo‘shildi. E’tiborlisi, mazkur festivallar faqatgina Samarqand shahrida emas, boshqa tuman va shaharlarda ham o‘tkazilmoqdaki, bu viloyatimizning barcha hududlarida turizmni rivojlantirish uchun keng yo‘l ochmoqda.

Joriy yilda Samarqand tumani Konigil mahallasida joylashgan “Konigil House” gastronomik va etnik-animatsion markazi yangi yo‘nalish sifatida kiritildi. Bu yil yana Samarqanddagi Bog‘ibaland anjirzorlarini ham yo‘nalishga kiritib, sayyohlarning ushbu jannat mevasidan tatib ko‘rishlari va bu bog‘lar bilan tanishishlari uchun qulaylik yaratish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, keyingi paytda viloyatda agroturizm va sog‘lomlashtirish turizmi ham ommalashib, ushbu yo‘nalishlarda ham sayyohlar oqimi oshmoqda.

Madaniyat va ma’rifatimizga oshuftalar ko‘p

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, Samarqandga xorijdan kelayotgan sayyohlarning ko‘p qismi xalqimizning boy san’ati va madaniyati, betakror folklor va etnografik asarlarimizga, milliy xalq o‘yinlarimizga ham juda qiziqadi. Shundan kelib chiqib, madaniy-ma’rifiy turizm marshrutiga “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, Registon maydonidagi Sherdor va Mirzo Ulug‘bek madrasalarida folklor guruhlarining konsert dasturlari, tumanlarda “Chavqi”, “Beshqarsak”, “Sarbozi” folklor jamoalarining chiqishlari, Registonda 3D shousi, “El-merosi” milliy madaniy teatri, “Uloq-ko‘pkari” o‘yinlari, alla aytish, chaqaloqni beshikka belash marosimlarini namoyish etish qo‘shildi. Xususan, yaqinda Bulung‘ur tumanida “Baxshilar festivali” tashkil etildi.

Joriy yilda Samarqand turizm yo‘nalishlariga yangi – ta’lim turizmi kiritildi va bunda eng ommalashgan va sayyohlarni o‘ziga jalb qilgan maskan Payariq tumanida bunyod etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi bilan tanishib, ushbu maskan bizga buyuk ajdodlarimizning kimligini anglatishi, ma’naviyat, ma’rifatni targ‘ib etishini ta’kidlagan va bu yerni har bir yurtdoshimiz ziyorat qilishi maqsadga muvofiqligini qayd etgan edi.

Ayniqsa, xalqaro markazdagi muzey va undan o‘rin olgan tarixiy eksponat va ashyolar, buyuk muhaddis Imom Buxoriyning hayot yo‘li xronologik tarzda aks ettirilgan suratlar har bir sayyohni o‘ziga rom etib, hayratini oshirishi tabiiy. Shu bois bugun Samarqandga keladigan, Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qiladigan har bir inson mazkur markaz va muzeyga borish istagini bildirmoqda.

Gap ta’lim haqida borar ekan, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018 yilda Samarqand xalqaro “Ipak yo‘li” turizm universiteti tashkil etilganini alohida ta’kidlash lozim. Turizm sohasi uchun zamonaviy fikrlaydigan, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan mazkur ta’lim muassasasi uchun ayni paytda bugungi kun talablariga to‘la javob beradigan bino va inshootlar bunyod etilmoqda. Faoliyat boshlaganiga qisqa vaqt bo‘lsa-da, hozirgacha universitet o‘ndan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik shartnomalari imzoladi. Bu esa universitet talabalarining xorijda o‘qishni davom ettirishi, bilim va malakasini oshirishi uchun keng imkoniyat yaratib, pirovardida, mamlakatimiz turizm sohasi uchun yetuk kadrlar tayyorlash va soha taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Turizm uchun sarflangan bir so‘m o‘n so‘m bo‘lib qaytadi

Sayyohlikni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar, sarflanayotgan mablag‘ va boshqa resurslar izsiz ketmayapti. Kutilgan natijalarga erishilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyun oylarida viloyatga 1 million 433 ming turist tashrif buyurgan. Ularning 227 ming nafarini xorijlik sayyohlar tashkil etadi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobar ko‘p degani. Agar shu tarzda har yili sayyohlar oqimi ikki barobar oshib boraversa, yaqin yillarda Samarqand jahon turizm markazlaridan biriga aylanishi, viloyat iqtisodiyotida mazkur tarmoqning ulushi ham sezilarli darajada oshishi shubhasiz.

Birgina joriy yilning birinchi yarmida 100 mingga yaqin sayyohga ko‘rsatilgan mehmonxona xizmatidan tushgan tushum 49 milliard 762 million so‘m yoki 5 million 786 ming AQSh dollarini tashkil etdi. Bu raqamlarni ham o‘tgan yilning shu davriga taqqoslaganda ikki barobar o‘sishni ko‘rish mumkin.

Shuningdek, turistik transport va turoperatorlik firmalari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlardan tushgan tushum 27 milliard 841 million so‘mni tashkil etdi.

Albatta, bunday o‘sish sur’atlari sohaga investitsiyalarni faol jalb etish, sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirishni taqozo etadi. Shu maqsadda ayni paytda viloyat miqyosida 3,29 trillion so‘mlik 46 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Uning 348,3 million dollari xorijiy investitsiyalar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Xususan, 37 ta loyiha zamonaviy mehmonxonalar qurilishi bilan bog‘liq bo‘lib, ularning umumiy qiymati 1,855 trillion so‘mni tashkil etadi.

Yirik loyihalardan tashqari, xususiy tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ham katta mablag‘ va vaqt talab qilmaydigan loyihalar amalga oshirilib, soha rivojiga hissa qo‘shilmoqda. Bu o‘rinda joriy yil boshidan buyon Samarqand shahri va viloyatning tabiati maftunkor tog‘li hududlarida bir vaqtning o‘zida 820 nafar mehmonga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega 93 ta uy mehmonxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlash lozim.

Samarqand – Jahon sayyohlik shaharlari federatsiyasi a’zosi

Samarqandda turizm sohasida olib borilayotgan ishlar, sayyohlar uchun yangi yo‘nalishlar, yangi xizmatlar joriy etilganini dunyo mamlakatlariga ma’lum qilish, xorijdagi sayyohlik firma va kompaniyalari bilan hamkorlik o‘rnatish ham soha taraqqiyotida muhim omil sanaladi. Shu sababli Samarqand viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, viloyat turizmni rivojlantirish departamenti mas’ul xodimlari va viloyatdagi turistik kompaniyalar vakillari turli mamlakatlarda o‘tkazilayotgan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda faol ishtirok etmoqda. Jumladan, bu yil Ispaniyada “FITUR-2019”, Turkiyadagi “EMITT-2019”, Rossiyadagi “MITT-2019”, Germaniyadagi “ITB BERLIN-2019”, Latviyadagi “Balttour-2019”, Birlashgan Arab Amirliklaridagi “Arabian tarvel market” xalqaro turistik ko‘rgazmalarida Samarqandning sayyohlik salohiyati va imkoniyatlari haqida taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek, xorijiy davlatlarning telekanallari ijodkorlari Samarqandga kelib, maxsus ko‘rsatuvlar tayyorladi.

E’tiborlisi, joriy yilda Samarqand Jahon sayyohlik shaharlari federatsiyasi (WTCF) a’zoligiga qabul qilindi. Demak, endi Samarqand haqiqatdan ham dunyo turizm shaharlari orasida o‘z o‘rnini topib, yirik sayyohlik markaziga aylanishi shubhasiz.

G‘olib HASANOV.