Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahar ETKda karantin qoidalariga amal qilinmaganlik holati o‘nglandi

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahar elektr ta’minoti korxonasida elektr energiyasi uchun to‘lov maqsadida iste’molchilar to‘planganligi va karatin qoidalariga rioya qilinmayotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat, ya’ni karantin davrida xalqimizga yengillik yaratish maqsadida elektr energiyasidan qarzdor (jismoniy) iste’molchilar tarmoqdan vaqtincha ajratilmasligi haqida xabar bergan edik.

So‘nggi kunlarda foydalanilgan elektr energiyasidan vujudga kelgan qarzdorliklarning ortishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qarzdor iste’molchilar tarmoqdan ajratilmoqda. Shu munosabat bilan iste’molchilardan ishlatilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishlarini so‘raymiz.

Prezidentimizning “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shunungdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida davlat byudjeti barqarorligini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida fuqarolik-shartnomaviy kelishuvlar asosida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish belgilangan. Qarzdor fuqarolarning xonadoni MIB Samarqand shahar bo‘limi tomonidan tarmoqdan uzildi.

Qarzdor fuqarolarni tarmoqdan uzib qo‘yish “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning vakolatiga kirmaydi. Bu ishni faqat MIB amalga oshiradi.

O‘rganish davomida Samarqand shahri va tumanlardagi ayrim fuqarolarning elektr energiyasidan vujudga kelgan qarzdorligi oshib kelayotganligi aniqlanib, tarmoqdan uzilgan. Fuqarolarga byuroning davlat inspektorlari tomonidan sanitariya va gigiyena talablariga rioya qilgan holda, qarzdorlikni o‘z sharoitidan kelib chiqib, imkoniyat darajasida bartaraf qilishi mumkinligi tushuntirib borilgan. Biroq fuqarolar buni to‘g‘ri tushunmagan holda ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilgan.

Shu o‘rinda foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni tuman elektr ta’minoti korxonalariga tashrif buyurmasdan mamlakatimizda mavjud barcha to‘lov tizimlari (U-Pay, Click, Payme, Paynet va boshqalar) hamda banklarning mobil ilovalari orqali uydan chiqmasdan ham amalga oshirishingiz mumkinligini yana bir bor eslatib o‘tamiz.

Foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borishingiz orqali energotizimning barqaror va samarali ishlashi, olib borilayotgan modernizatsiya va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlarining o‘z vaqtida bajarilishiga ko‘mak beradi.

Ayni vaqtda Samarqand shahar elektr ta’minoti korxonasidagi vaziyat iste’molchilar o‘rtasida olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida to‘liq bartaraf etildi. Hozirda iste’molchilar o‘rtasida ikki metrdan kam bo‘lmagan masofada binoga to‘rt kishidan kirilib, elektr energiyasi uchun to‘lovlar amalga oshirilmoqda.

"Samarqand hududiy elektr tarmoqlari" AJ matbuot xizmati.