Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahri kengaytiriladi - yangi mavzelar, “yo‘ldosh shaharlar” barpo etiladi

Bugungi kunda Samarqand shahri aholisi 600 mingdan oshdi. Hozirgi uy-joy salohiyati va infratuzilma ehtiyojni qondira olmaydi. Shu bois shaharni Past Darg‘om, Nurobod, Samarqand tumanlari tomon kengaytirish, yangi mavzelar, “yo‘ldosh shaharlar” barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu yo‘nalish viloyat uchun yana bir o‘sish nuqtasi bo‘ladi, minglab ish o‘rinlari yaratiladi, deya alohida ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan 13 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida.

Samarqand viloyatida 120 ta noruda konlar mavjud bo‘lib, ulardan 33 tasi sanoat yo‘li bilan o‘zlashtirishga jalb qilinmagan. Misol uchun, 5,1 million kub metr keramzit va pardozbop toshlar, 200 ming tonna ferro-silitsiyni sanoat usulida qayta ishlash imkoniyati bor.

Mutasaddilarga mavjud konlarning muhandislik infratuzilma ta’minotini o‘rganib, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Sanoati orqada bo‘lgan tumanlarni rivojlantirish, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining Nurobod tumanidagi qismini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Viloyatdagi to‘qimachilik korxonalari 37 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega. Lekin hozirda ularning atigi 48 foizidan foydalanilmoqda, xolos.

Shu bois to‘qimachilik sanoati quvvatlarining ishlash darajasini oshirish, viloyatdagi 2 ta paxta-to‘qimachilik klasterida yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘tgan yig‘ilishdagi topshiriqqa muvofiq, Samarqand viloyatida hunarmandchilikning muayyan yo‘nalishlariga ixtisoslashgan 217 ta eski qishloq tarixi, mahalliy aholining azaldan shakllangan ko‘nikmalari va “o‘sish nuqtalari” o‘rganildi. Bu tajribani boshqa hududlarda ham boshlab, aholi bandligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlaridagi 1 ming 200 gektar lalmi va yaylov yerlarni Kattaqo‘rg‘on shahri aholisiga foydalanishga berib, 5 ming kishini ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.