Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahrida 100 mingdan ziyod abonent yangi tizimga ulangan. Nima o‘zgardi?

Prezidentimizning 2017 yil 13 noyabrdagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, aholi hamda ulgurji iste’molchilarning elektr energiyasi iste’molini nazorat qilish, hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilmoqda.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasidan ma’lum qilinishicha, yangi hisoblagichlar iste’molchilarga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hisobidan bepul o‘rnatib berilmoqda. Bunda bir abonentga o‘rtacha 770 ming so‘m sarflanayotgani inobatga olinsa, har bir iste’molchining shuncha mablag‘ iqtisod qilayotgani anglashiladi. Shuningdek, plastikli hisoblagichi mavjud iste’molchilarning plastik kartasida qolgan pul mablag‘i yangi hisoblagich uchun ochilgan hisob raqamiga tushirib berilmoqda.

Bugungi kunda 100 ming 154 abonent yangi tizimga avtomatik tartibda ulangan. Majburiy ijro byurosi, elektr ta’minoti korxonasi, ichki ishlar bo‘limi hamda mahalla fuqarolar yig‘ini vakillaridan iborat ishchi guruhi iste’molchilarni xatlovdan o‘tkazmoqda.

Qayd etilishicha, ASKUE tizimiga ulangach elektr energiyasidan to‘lov oshgan. Xususan, Samarqand shahrida 2018 yilning 8 oyida 144 milliard 782 million 9 ming so‘m to‘lov qilingan. To‘lovlarning 46 milliard 597 million 3 ming so‘mi aholi, 98 milliard 185 million 6 ming so‘mi ulgurji iste’molchilar tomonidan amalga oshirilgan.

Joriy yilning 8 oyida esa elektr energiyasi uchun 204 milliard 164 million 2 ming so‘m to‘lovlar amalga oshirilgan. Shundan 62 milliard 150 million 2 ming so‘mi aholidan, 142 milliard 14 million so‘mi ulgurji iste’molchilardan undirilgan.