Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahridagi 10 ta maktab direktorlariga intizomiy chora ko‘rildi, 36 nafar direktor va ularning o‘rinbosarlari qat’iy ogohlantirildi

Maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Samarqand viloyati respublikada eng quyi o‘rinda. Milliy reyting natijalari ham qoniqarsiz holatda. Bugungi kunda ushbu salbiy natijalarni tanqidiy muhokama qilib, aniq vazifalar belgilagan holda kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan maktablarda ta’lim-tarbiya jarayonlari o‘rganilmoqda.

Jumladan, viloyat reytingida o‘tgan yilgi 5-o‘rindan 7-o‘ringa tushgan  Samarqand shahridagi maktablarning ta’lim-tarbiya jarayonlari, sohadagi yangiliklarning amaliyotga tatbiq etilayotgani, ta’lim muassasasining kuz-qish mavsumiga tayyorlik holati o‘rganildi.

Mazkur o‘rganishlar natijasi viloyat xalq ta’limi boshqarmasida Samarqand shahridagi barcha maktab direktorlari va o‘rinbosarlari, shahar xalq ta’limi bo‘limi xodimlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi.

Unda so‘zga chiqqan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov ba’zi maktab direktorlari, pedagoglarning o‘z faoliyatida o‘zgarish qilmayotgani, harakatga kelmayotgani achinarli ekanligini alohida qayd etdi. Shu bois viloyatda xalq ta’limi xodimlari, rahbarlarining o‘zgarishi, yaratilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlarga munosib harakat qilishi, ularni “uyg‘otish” maqsadida boshqarma rahbariyati va xodimlarining har bir maktabga kirib borib, muammoni o‘rganish va bartaraf etish choralarini ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

Boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Qo‘ldosh Saidov ishchi guruh a’zolarining Samarqand shahridagi maktablarda olib borgan o‘rganish ishlari bo‘yicha hisobotini o‘qib eshittirdi. O‘rganish jarayonlari, maktablardagi obodonlashtirish ishlarining holati aks etgan fotosuratlar taqdim etildi.

Ta’kidlanganidek, Samarqand shahrida jami 82 ta maktab bo‘lib, 2019/2020 o‘quv yili yakunida 25-, 53-, 61-, 74-, 78-maktablaridan bor yo‘g‘i 1 nafardan, 15-, 56-, 75-maktablarning 2 nafar bitiruvchilari OTMga o‘qishga kirgan. Vaholanki, 25-maktabda 30 nafar, 53-maktabda 50 nafar, 15-maktabda 35 nafar, 56-maktabda esa 36 nafar o‘quvchi bitirgan. 105 nafar o‘quvchi bitirgan 31-maktabning bor yo‘g‘i 4 nafar bitiruvchisi, ya’ni 3,8 foizi OTMga o‘qishga qabul qilingan.

O‘rganishlar davomida maktablarda direktor va o‘rinbosarlarining mas’uliyatsizligi, me’yoriy hujjatlarning yuritilishi, o‘quvchilar bilimini baholash, ularning davomadi, sinfxonalarni isitish bilan bog‘liq qator xato va kamchiliklar ko‘zga tashlandi.

13-maktabning o‘quv xonalarida partalarining singanligi, sinfxonalari antisanitariya holatida ekanligi, ayrim sinflarda o‘quvchilar karantin qoidalariga rioya qilmasdan dars davomida niqobsiz o‘tirganligi aniqlandi.

Maktab hojatxonasida xlorlash ishlari amalga oshirilmagan. O‘quvchilarning darslarga qatnashish davomati qoniqarsiz ahvolda. Dars o‘tayotgan o‘qituvchilar aynan qaysi o‘quvchi an’anaviy yoki onlayn shaklda ta’lim olayotganligi to‘g‘risida aniq ma’lumotga ega emas.

Maktabda sinf jurnallarining yuritilishi qoniqarsiz ahvolda. Xususan, 8-“b”-sinf o‘quvchilari S.Faxridinov, A.Faxridinovlar o‘quv yili boshida boshqa viloyatga ko‘chib ketgan bo‘lsa-da, rus tili fani o‘qituvchisi D.G‘afurova o‘quvchilarga 14 sentabrdan 1-chorak yakuniga qadar baho chiqargan.

Shuningdek, shu sinf o‘quvchisi F.Ahmadaliyevaga 2 noyabr sanasida nazorat ishidan 4 baho qo‘yib, so‘ngra uni bo‘yab 5 bahoga o‘zgartirgan va 1-chorak bahosiga ham 4 baho qo‘yib, so‘ngra uni bo‘yagan holda 5 ga o‘zgartirgan.

Samarqand shahridagi 74-umumta’lim maktabidagi muammolar, beparvolik binoga kirishdanoq boshlanadi. Masalan, asosiy kirish eshigining tutqichi singaniga ancha bo‘lgan. Afsuski, yopiq eshikni ochmoqchi bo‘lgan kishi ancha urinishiga to‘g‘ri keladi.

Maktabning isitish holati qoniqarsiz. Ko‘mir va o‘tin bilan isitishga mo‘ljallangan 2 ta qozonxonaning biri nosoz holatda, zang bosib, yaqin yillar davomida ishlatilmaganligi ko‘rinib turibdi. Sinfxonalarning sovuqligi sababli o‘quvchi va o‘qituvchilar qalin kiyimlarda o‘tiribdi.

6 tonna ko‘mirga buyurtma berilgan. Biroq (21 noyabr sanasigacha) yetkazilmagan. Maktab hojatxonasi 6 “ochko”li bo‘lib, xlorlangan. Biroq tozalikka rioya qilinmagan. Hojatxonaga kirish eshiklari nosoz holatda.

Maktab kutubxonasida 800 ta badiiy va boshqa yo‘nalishdagi kitoblar mavjud. Kitobxonlarning kitoblardan foydalanish holatini o‘rganganimizda maktab direktori Ra’no Rajabova oxirgi marta 2020 yilning 3 martida Prezident asarlaridan birini, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Gulbahor Mullajonova esa oxirgi marta 2020 yil 10 fevralda kutubxonadan “Oqila qiz” nomli kitobni olgan.

Devorlarga o‘rnatilgan ko‘rgazmali vositalarda ko‘plab imloviy xatolarni ko‘rish mumkin. Masalan, o‘qituvchilar xonasidagi shiorlardan biri “Sifatsiz (u)tilgan dars, kelajakka (k)ilingan xiyonatdir” deb, peshlavhalardan birida esa 2020 yil nomi “Iqtisodiy (o‘)sish va yangi ommaviy axborotni rivojlantirish yili” qabilida mutlaqo noto‘g‘ri, kamiga imloviy xatolar bilan qayd etilgan. Nahotki, 30 nafardan ortiq o‘qituvchi har kuni bir necha martalab kirib-chiqayotgan joyda yozib qo‘yilgan bu peshlavhalarning noto‘g‘ri ekanligi hech kimning e’tiborini tortmadi? Boshqa devoriy stendlarda ham ana shunday imloviy xatolarni kuzatish mumkin.

2019/2020 o‘quv yilida maktabni 22 nafar o‘quvchi bitirgan. Ularning atigi 1 nafari OTM (xorijiy)ga o‘qishga kirganligi ta’kidlanmoqda.

Samarqand shahridagi 75-umumta’lim maktabining isitish holati: ko‘mir va o‘tin bilan isitishga mo‘ljallangan 4 ta qozonxona mavjud. Maktabning eski binosida “golland pechlari” bor va ular sinfxonalarni isitmoqda. 2,5 tonna ko‘mir va 10 tonna ko‘mir breketi olib kelingan. Shu bilan birga, o‘tin zaxirasi ham yig‘ilgan.

Maktabning eski hojatxonasi 1996 yilda qurilgan, 8 “ochko”li, bugungi kunda ham foydalanilib kelinmoqda. 2020 yilning avgust oyida qurilishi boshlangan maktab hojatxonasi 8 “ochko”li bo‘lib, bugungi kunga qadar bitkazilmagan.

Devorlarga o‘rnatilgan ko‘rgazmali vositalarda ko‘plab xatolarni ko‘rish mumkin. Bolalar shoiri, taniqli ijodkor Anvar Obidjon ijodiga bag‘ishlangan stend eskirib, e’tibordan chetda qolgan. Buni shoir surati ostida uning faqatgina tug‘ilgan yili qayd etilganidan bilish qiyin emas. Vaholanki, shoir 2020 yil aprel oyida vafot etgan.

Dars jadvali qayd etilgan qog‘oz devorga shunchaki ko‘zbo‘yamachilik uchun ilingandek.

Maktabni 2019/2020 o‘quv yilida 45 nafar o‘quvchi bitirgan, ularning 1 nafari OTMga o‘qishga kirgan. Afsuski, 37 nafar o‘qituvchi orasida birorta oliy yoki birinchi toifali o‘qituvchi yo‘q.

Shahardagi 64-maktabida o‘quvchilarning darslarga qatnashish davomati o‘rganilganda, o‘quvchilarning necha nafari an’anaviy, necha nafari onlayn ta’lim olishi to‘g‘risida aniq ma’lumot mavjud emas. O‘quvchilar davomati kunlik yuritilmagan, shahar xalq ta’limi bo‘limiga soxta — 100 foiz o‘quvchilar darslarga qatnashganligi to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlar berib kelingan.

Vaholanki, sinflar kesimida o‘quvchilar davomati o‘rganilganda, 3“d” sinfda 31 nafardan 13 nafari, 5“e” sinfda 35 nafardan 11 nafari, 7“b” sinfda 30 nafardan 13 nafari, 6“ye” sinfda 26 nafardan 11 nafari darslarga qatnashmayotganligi aniqlandi. 7“ye” sinfida ingliz tili fani o‘tilishi zarur bo‘lsa-da, dars o‘tilmayapti, sinfxonalardagi ayrim shkaflarning ichi tartibsiz holatda, kutubxona eshigining hatto tutqichi ham mavjud emas.

Maktabda 21 nafar pedagog-xodimga ustama haqlari belgilash nazarda tutilgan bo‘lib, 5 nafar o‘qituvchi uchun ustama belgilash belgilangan talabga javob bermaydi.

Maktab direktori, o‘quv va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari dars tahlillari o‘rganilganda faqat o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari N.Hasanova 14 marotaba dars tahlil qilganligi, qolgan 2 nafar o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari M.Muxtorova, N.Ravshanov, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari M.Haydarova, F.Mansurovlar biror marotaba dars tahlil qilmagan, hattoki daftar ham yuritmagan. Vaholanki, maktab direktori va uning o‘rinbosarlari hafta davomida kamida 4 soat darsni tahlil qilib, o‘qituvchilar faoliyatini, malaka va tajribasini nazorat qilishi zarur.

Umumta’lim muassasalarida yo‘l qo‘yilgan qo‘pol xato va kamchiliklar, maktab direktorlari va o‘rinbosarlarining o‘z vazifasiga mas’uliyatsizligi sababli 10 nafar maktab direktorlariga mehnat qonunchiligiga muvofiq intizomiy chora ko‘rildi. 36 nafar maktab direktori va direktor o‘rinbosarlari faoliyatidagi sustkashligi, kamchiliklarga ko‘z yumib kelganligi sababli qat’iy ogohlantirildi.

Darhaqiqat, bugun ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar davrida sohaning taqdiriga mas’ul bo‘lgan xalq ta’limi xodimlari o‘z faoliyatiga eskicha yondashishi mumkin emas. Yuqorida qayd etilganidek, maktablardagi o‘zibo‘larchilik holatlarining oldini olish, pedagoglarni “uyg‘otish” hamda maktab direktorlarining mas’uliyatini oshirishda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ishchi guruhining o‘rganishlari davom etadi.

 

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.