Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand viloyati hokimi kubogi musobaqasiga start berildi

Samarqand shahridagi sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida viloyatdagi boshqarma, korxona va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan ishchi xodimlar o‘rtasida mini futbol bo‘yicha “Viloyat hokimi kubogi” musobaqasi boshlandi.

Musobaqaning ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyev va boshqalar yurtimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, buning natijasida sport bilan shug‘ullanuvchilar soni tobora ortayotganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng jamoalar o‘zaro maydonda bellashuvni boshladi. Dastlabki o‘yin viloyat ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlardan iborat ijodkorlar jamoasi va viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi jamoasi o‘rtasida kechdi. O‘yin jurnalist va blogerlar futbol jamoasining 7:3 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Mini futbol bahslarida 36 ta jamoa o‘zaro bellashmoqda. O‘yinlar uch kun davom etadi, final o‘yini 5 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.

A.HAYDAROV.