Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda bo‘lib o‘tgan viloyat Kengashi sessiyasida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami sifati tahlil qilindi

8 fevral kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining oltmish birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqargan sessiya ishi tuman va shahar studiyalari bilan ulangan holda videoselektor tarzida o‘tkazildi.

Deputatlar dastlab Samarqand viloyatida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami sifati va samaradorligini oshirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularning kadrlar ta’minotini yaxshilash, sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta’minlash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va sog‘lom ovqatlanish madaniyatini targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.

Mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Bositxonova so‘zga chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik mas’ul xodimlari hamda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari vrachlaridan iborat respublika ishchi guruhining viloyatda olib borgan o‘rganishi natijalari haqida ma’lumot berdi.

- Prezidentimizning birlamchi tibbiy sanitariya, shoshilinch va tez tibbiy hamda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni yanada takomillashtirishga qaratilgan qarorlari ijrosi bo‘yicha 2018 yil viloyatda bir qator ishlar amalga oshirilgan, - dedi E.Bositxonova. – Jumladan, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, uning moddiy texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida byudjet mablag‘lari hisobidan 638,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, ushbu ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan 1,5 barobarga oshgan. Investitsiya dasturi doirasida 38 ob’yektda byudjet mablag‘lari hisobidan qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilgan. «Obod qishloq» davlat dasturi doirasida 15 ta birlamchi tibbiyot muassasalari va bitta tez tibbiy yordam bo‘limida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan.

Xususiy tibbiyot muassasalari ulushi 2017 yilga nisbatan 51 foizga ko‘tarilib, bugungi kunda ularning soni 365 taga yetgan. 2018 yilning o‘zida 86 ta yangi xususiy tibbiyot muassasalari tashkil etilib, 35 ta mavjud muassasalarning faoliyati kengaytirilgan.

Biroq amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda tizimda muammo kamchiliklar mavjud. Tumanlar, ayniqsa, chekka qishloqlarda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish yetarli darajada emas. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va tuman markaziy shifoxonalarining moddiy-texnika bazasi talabga javob bermaydi. Muassasalarda tor soha mutaxassislariga ehtiyoj bor. Tibbiyotning viloyat, tuman va qishloq bo‘g‘inlari o‘rtasida uzviy bog‘liqlikni yo‘lga qo‘yishda muammolar yuzaga kelgan.

Ushbu masala bo‘yicha viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Jumaniyozov, respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori M.Jo‘rayev, Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Sh.Nurullayeva, Urgut tumani hokimi M.Turdiyev va boshqalar o‘z munosabatlarini bildirdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov viloyatda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordam sifati va samaradorligini oshirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlashda shu soha rahbarlari mas’uliyatini kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

– Keyingi ikki yil mobaynida tibbiyot muassasalarini dori-darmon vositalari bilan ta’minlash 10 barobarga oshdi, - dedi N.Ismoilov. – Oddiy shugina misolni tibbiyot muassasalari rahbari aholiga yetkazishni bilmaydi. Muassasalarda qaysi xizmatlar pullik yoki bepulligi haqida ma’lumotlar ommaga yoritilmagan. Aksariyat rahbarlarda ko‘paygan kasalliklarni kamaytirishga doir tahlil yo‘q. Achinarlisi, ko‘pchilik mutasaddilarda sog‘liqni saqlash tizimida klaster, tibbiy sug‘urta, davlat xususiy sherikchiligi, tibbiyotni moliyalashtirish, tibbiy-ijtimoiy himoya, tibbiyotni boshqarish mexanizmlari haqida to‘liq tushuncha mavjud emas. Qishloq vrachlik punktlari, qishloq oilaviy poliklinikalariga joylardagi hokimlar qachon borganligini eslolmaydi.

Shunday ekan, viloyatda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy sanitariya yordami sifati va samaradorligini oshirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va sog‘lom ovqatlanish madaniyatini targ‘ib qilish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish lozim.

Shundan so‘ng, xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi doimiy komissiyalari hamda deputatlarining 2018 yildagi faoliyati yuzasidan Reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining axboroti ma’qullandi va doimiy komissiyalarining 2019 yilga mo‘ljallangan ish rejalari tasdiqlandi.

Shuningdek, sessiyada Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari O.Xo‘jayevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 oktyabrdagi “Davlat mulki ob’yektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tadbirkorlik sub’yektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining viloyatdagi ijrosini ta’minlash maqsadida tumanlardan yer ajratish bo‘yicha taqdim etilgan loyihalarni tasdiqlash to‘g‘risidagi;

viloyat prokurori F.Zufarovning “2018 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyati to‘g‘risida”gi axboroti haqidagi;

viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i A.Toshpo‘latovning “Viloyat hududida 2018 yil davomida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, uning sabablarini bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti haqidagi;

Samarqand viloyati shahar va tumanlarida 4 ta sektor rahbarlari faoliyatini yanada takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi;

xalq deputatlari Jomboy tumani kengashining “Jomboy tumanidagi “Beshbola” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Xon qishlog‘i nomini Nurobod qishlog‘i nomiga o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarorini tasdiqlash haqidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Sessiyada viloyat hokimining o‘rinbosarlari vazifasini bajarib kelgan A.Nurqulov va A.Shukurovni viloyat hokimining o‘rinbosarlari lavozimlariga tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorlari ham tasdiqlandi.