Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda “kannabis” o‘simligini yetishtirayotgan shaxs aniqlandi

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari hamda viloyat huquqni himoya qiluvchi organlar bilan hamkorlikda yana bir “zahri qotil” oldi-sotdisiga chek qo‘yildi.

Samarqand shahrida olib borilgan tezkor tadbir davomida fuqaro I.N.ning yashash xonadoni, yordamchi xo‘jaligi hamda tomorqa yerlari ko‘zdan kechirildi.

Natijada, fuqaro I.N.ning cho‘ntagidan shaffof selofan paketga o‘ralgan, og‘irligi 0,04 gramm “opiy” giyohvand moddasiga o‘xshash, tomorqa yerida uzunligi 1 metrdan 3,80 metrgacha bo‘lgan jami 13 tup yashil rangli o‘ziga xos o‘tkir hidli “kannabis” giyohvandlik o‘simliklari parvarishlanayotganligi aniqlandi.

Shundan so‘ng xonadon yerto‘lasi ko‘zdan kechirilganda, bu yerda ham quritilgan 3 tup 451,2 gramm “kannabis” giyohvand o‘simligi poyasi hamda vazni 22,9 gramm o‘tkir hidli “marixuana” giyohvand moddasiga o‘xshash modda borligi ham ma’lum bo‘ldi.

Bunisi ham yetmagandek, xonadon garajida 45,3 gramm “marixuana” moddasi o‘simlik urug‘lari yashirilgan ekan.

Mazkur holat yuzasidan taqdim etilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra,  ashyoviy dalil sifatida olingan vositalar 0,04 gramm “opiy” giyohvandlik moddasi, 1,00 metrdan 3,40 metrgacha bo‘lgan 13 tup “kannabis” giyohvandlik o‘simligi, 451,2 gramm quritilgan “kannabis” o‘simligi, 22,9 gramm “marixuana” giyohvand moddasi hamda umumiy sof og‘irligi 45,3 gramm o‘simlik urug‘i ekanligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.