Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda pora bilan qo‘lga tushgan IIB xodimi 13 yilga qamaldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Tayloq tuman sudida 60 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgan Tayloq tuman IIB inspektorining jinoiy harakatlari yuzasidan sud ishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Toyloq tumani JIB sudi raisi Marat Ergashev «Daryo»ga ma’lum qildi.

Sud jarayonida ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi Azamat Safarov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yilning 7 noyabrdagi «Jinoiy-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash borasida Tayloq tumani IIB rahbariyati tomonidan tuman IIBda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etish bo‘yicha Probatsiya markazi tashkil etish uchun tuman markazidagi 420-sonli militsiya tayanch punktining eski binosi va bino ostidagi yer maydonini tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga berib, evaziga mazkur shaxslarga markaz uchun yangi bino qurdirish haqidagi taklifini eshitib, ushbu taklifdan noqonuniy boylik orttirish yo‘lida foydalanishni rejalashtirgan.

Sudlanuvchi Azamat Safarov 420-sonli militsiya tayanch punktining eski binosi va bino osti yer maydonini xarid qilishni mulkiy ahvoli yaxshi bo‘lgan shaxslarga taklif qilgan. U binoni va bino osti yer maydonini sotib olish uchun Toyloq tumani «Charag‘bon» mahallasida yashovchi fuqaro Ne’mat Muqumovda katta miqdordagi pul mablag‘lari borligiga ishonch hosil qilgan.

Shundan so‘ng mulkiy naf ko‘rish maqsadida Ne’mat Muqumov bilan muloqotga kirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda tuman IIBga qarashli haqiqiy narxi 118 million 377 ming 072 so‘m bo‘lgan 420-sonli militsiya tayanch punkti ma’muriy binosi va bino osti yer maydonini 70 ming AQSh dollari evaziga sotilayotganligiga ishontirgan. Ushbu miqdordagi pul mablag‘larini mansabdor shaxslarga berish evaziga binoga va bino osti yer maydoniga egalik qilish haqidagi tuman hokimining qarorini chiqartirib, uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Azamat Safarov 2019 yilning 15 may kuni tumandagi 420-sonli militsiya tayanch punktidagi xizmat xonasida fuqaro N.Muqumovdan kelishilgan 70 ming AQSh dollarining 60 ming AQSh dollari mikdoridagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toyloq tuman sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudlanuvchi Azamat Safarovning jinoyat sodir etishdagi holatlarini muhokama qilib sud hukmi o‘qildi. Sud hukmiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 28, 211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan aybli deb topilgan Azamat Safarovga 13 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.