Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda suv nega qimmatlashdi?

Keyingi paytlarda bloger Muhiddin Boliyev ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda ichimlik suvining narxi oshirilishi haqida o‘z e’tirozlarini aks ettiruvchi maqolalar berib kelmoqda. Hatto o‘z sahifasida bu masalada u mamlakat Prezidentiga ham murojaat qilgandi.

Unda: “Nimagadir suv narxi bir necha barobar hech qanday sababsiz ko‘tarilganligi munosabati bilan xalq tomonidan e’tiroz bildirilishiga qaramasdan Prezident bu masalaga munosabat bildirmayapti? Qani fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat? Shuncha murojaat qilayapmiz, hech kim bunga e’tibor bermayapti, janob Prezident? Hozirda aksariyat aholining kuni non bilan suvga qolgan! Biz javob kutayapmiz?”, deyilgan.

Kecha Muhiddin Boliyev barcha blogerlar va “Samarqand suv ta’minoti” MChJ rahbarlarini “ring”ga chaqirdi. “Neytral ring” sifatida Samarqand shahar hokimligi axborot xizmatining matbuot anjumanlari xonasi tanlandi.

 Ana shu munozara xususida

Avvalo, shuni aytishim lozimki, ichimlik suvining narxi bir necha barobar emas, ikki barobar oshgani to‘g‘risida “Samarqand suv ta’minoti” MChJ rahbari Komil Yusupov rasmiy ma’lumot bergan, viloyat televideniyesida tashkil etilgan “Ochiq muloqot”da ham nima sababdan ichimlik suvining narxi oshirilganligini asoslagan va aholining savollariga batafsil javob qaytargan edi. Bundan tashqari, 2020 yilning dekabr oyida “Samarqand suv ta’minoti” inshootlariga press-tur tashkil qilingan va bu masala yuzasidan ham atroflicha ma’lumotlar berilgan edi.

Shularga qaramasdan yana “ring”ga kelgan “Samarqand suv ta’minoti” MChJ direktorining o‘rinbosarlari Tolib Boboyev va Akram Siddiqov, jamiyat axborot xizmati rahbari Alisher Aliqulov barcha savollarga javob berdi.

Ularga ko‘ra

Samarqand aholisiga ichimlik suvi besh bosqichda yetib boradi: 1. Yer ostidan kuchli nasoslar bilan suv tortib olinadi. 2. Quduqlardan tortib olingan suv "Suv hovuzi"ga yig‘iladi. 3. Filtrlangan, tozalangan, xlorlangan suv hovuzdan suv taqsimlash inshootiga nasoslar yordamida yuboriladi. 4. Suv taqsimlash inshootidan yana nasoslar yordamida aholi manzillaridagi nasos stansiyalariga uzatiladi. 5. Nasos stansiyalari o‘z hovuzlarida yig‘iladigan suvni aholiga yetkazib beradi.

Ana shu tizim 1960 yilda yaratilgan bo‘lib, ichimlik suvi yetkazib berishga xizmat qiladigan quvurlar roppa-rosa 60 yil ishladi. Masalan, Samarqandda bunyod etilgan Sartepa maskaniga o‘tkazilgan quvurlar ham 40 yil ishladi. Ammo 40 yildan beri birorta quvur yangilingan emas. Shuning uchun bu tizimda nosozliklar ko‘p, chirib bo‘lgan quvurlardan suv chiqib ketishi har kungi muammo. Mustaqillikning ilk 30 yilida ham bu sohaga e’tibor deyarli qaratilmadi, ichimlik suvi va oqova suvlari tizimini ta’mirlash, yangilash ishlari amalga oshirilmadi. Faqat oxirgi uch yil ichida aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashga davlat siyosati darajasida qaraldi. Uch yil ichida, eng avvalo, ichimlik suvini aholigacha yetkazib beradigan kuchli nasoslar va nasos stansiyalari yangilandi. Suv quvurlari ham yangilanadi, ammo bu oson ish emas, vaqt va juda katta mablag‘ talab qilinadi. Ammo davlat ko‘magida bu ish to‘liq amalga oshiriladi.

Mutasaddilarning aytishlaricha...

Ayni damgacha bir kub suvni ishlab chiqarish 2431 so‘mga tushyapti, ammo aholidan suv uchun 980 so‘mdan olib kelingan. Natijada “Samarqand suv ta’minoti” MChJ 2020 yilning o‘zini 38 milliard so‘m zarar bilan yakunlagan. Holat shu taxlit davom etsa, uzog‘i uch yildan keyin “Samarqand suv ta’minoti” aholiga bir tomchi ham suv bera olmay qolar, ya’ni jamiyat qarzga botib, bankrot bo‘lar ekan. Aslida, bugun talab qilinayotgan 1850 so‘m ham suv tannarxini qoplamas ekan. Suvni ishlab chiqarishda eng katta xarajat elektr energiyasiga sarflanar ekan. Undan keyin nasoslarni yangilash ham katta xarajat talab qilar ekan. Qolaversa, ishchilarning oylik maoshlari ham bor...

Blogerlarga ma’lum qilingan ayrim raqamlar

Viloyat aholisining 66,8 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Bu – har uch kishidan biri yo “kachalka”dan, yo ariqdan, yo mashinada olib kelinadigan suvdan ichyapti, degani!

Viloyat aholisining 10,7 foiz aholisi “kanalizatsiya” tizimiga ulangan. Bu har 10 kishidan 9 tasi oddiy gigiyenik qulaylikdan bahramand bo‘lmayapti, degani.

Savdo do‘konida sotilayotgan bir litr suvdan uyimizga yetkazib berilayotgan bir litr suvning narxi 2000 baravar arzon ekan. Yangi narxda esa, 1000 baravar arzon ekan.

Bir kubometr ichimlik suvining narxini 1850 so‘m, oqova suvining narxi 1300 so‘m qilib belgilanishi taklifi Moliya va monopoliya organlari, shuningdek, deputatlar muhokamasidan so‘ng tasdiqlangan.

Eng muhim ma’lumotlar: Har bir kubometr suv narxining ustiga “mingan” 50 so‘m vazirlikni rivojlantirish uchun bevosita vazirlik tomonidan qo‘yilgan ustama narx ekan va u yangi tashkil qilingan “Suv vazirligi” – “O‘zsuvta’minot” AJ hisobiga tushar ekan.

Bugun biz bir kubometr suv uchun to‘lashimiz shart bo‘lgan 1850 so‘mning naqd 1000 so‘mi Samarqand viloyatida ichimlik suvi tizimini yaxshilash uchun olingan kreditni qoplash uchun ketar ekan!

Oxirgi so‘z

Maqolani o‘qib, Karimberdi To‘ramurod “O‘zsuvta’minot” AJning yoki “Samarqand suv ta’minot” MChJning oqlovchisi ekan, suv narxi oshirilishi tarafdori ekan, bundan ham qimmat qilishlarini istar ekan, deb o‘ylasangiz, juda katta xato qilasiz. Men ham iste’molchiman va va suv, gaz, elektr toki arzon va uzluksiz bo‘lishidangina manfaatdorman. Birortasining narxi oshishidan xursand bo‘lmayman. Sizlar kabi og‘rinaman, asabim qaqshaydi.

Ammo shu jamiyat ichida yashar ekanman, atrofda bo‘layotgan ishlarga befarq qarab tura olmayman. Avvalo, suv narxi oshgani munosabati bilan “to‘polon” qilayotgan blogerlarga murojaat qilaman: Nega mana shu faolligingiz, “to‘polonchiligingiz”ni har yili ikki marta, bahorda bir, kuzda bir muntazam suratda GAZ va ELEKTR TOKI narxi oshganida ko‘rsatmaysiz? Vaholanki, elektr tokini yoki gazni ishlab chiqarish suvni ishlab chiqarishdan ko‘ra, ko‘p xarajat talab qilmasa kerak?! Qolaversa, aynan gaz va elektr tokiga to‘layotgan pulimiz “cho‘qqimizni o‘ymoqda”!

Nima qilish kerak?

Imkoni bo‘lsa, ichimlik suvi tizimini yaxshilash uchun bank bergan kreditni davlat qoplab bersa, o‘z-o‘zidan ichimlik suvi uchun to‘laydigan pulimiz birdaniga 1000 so‘m arzon bo‘lar ekan. Aks holda, 2036 yilgacha bu kredit to‘lab borilar ekan, demakki, suv narxidagi 1000 so‘m yana 15 yil “bo‘ynimizdan tushmaydi”. Takror aytaman, aholiga qiyin ish DAVLATga oson!

Mutasaddilarning va’da berishlaricha, barcha nasoslar, asbob-uskunalar yangilanib bo‘linsa, ayniqsa, elektr energiyasini tejaydigan zamonaviy nasoslar o‘rnatilib bo‘linsa, ta’mirlash xarajatlari kamayib, suv tannarxi pasayar ekan.

Eng asosiysi, suvning narxi oshdi va endi go‘sht narxi, non narxi orqaga qaytmaganidek, suv narxi ham orqaga qaytmasligi aniq. Bunga ko‘nish va ko‘nikish kerak! Endi suvni tejab ishlatimiz kerak, boshqa ilojimiz yo‘q. Buning esa, yo‘llari ko‘p. Eng osoni, suv sarfini qattiq nazorat qilish kerak. Suv jihozlarimiz yaxshi ishlayotganini, ortiqcha suv oqmayotganini tez-tez tekshirib turishimiz kerak.

Eng oxirida ta’kidlab qo‘ymoqchiman: bular mening shaxsiy fikrlarim, qolganlar ham men kabi fikrlasin, deya olmayman.

Siz qanday fikrlaysiz?

Marhamat, faqat qizishmasdan, hayajonga, hissiyotga berilmasdan, ayniqsa, odob-axloq qoidalarini buzmasdan mulohazalaringizni bildirishingiz mumkin.

Aytgancha, anjumanning videotasvirlarini bloger Muhiddin Boliyev sahifasida, shuningdek, feysbukdagi "Samarqand siti" guruhi sahifasida ko‘rishingiz mumkin. Sizlarga qiziq bo‘lsa, men ham o‘z sahifamga joylashim mumkin.

Ma’lumot uchun: “Samarqand suv ta’minoti” alohida vazirlikka qaraydigan mustaqil jamiyat bo‘lib, men ishlaydigan viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasiga qaramaydi.

Karimberdi To‘ramurod.