Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi madaniy meros ob’yektlarining 50 foizdan ortig‘i ta’mirtalab

Viloyatda 1607 ta madaniy meros ob’yektlari mavjud shundan, arxeologik ob’yektlar 973 ta, arxitektura yodgorliklari 564 ta, monumental san’at yodgorliklari 36 ta, diqqatga sazovor joylar 34 tani tashkil etadi.

Mavjud madaniy meros ob’yektlarining deyarli 50 foizidan ortig‘i ta’mirtalab, 14 foizi avariya holatida saqlanmoqda. (arxeologiya madaniy meros ob’yektlarining 15 % yo‘qolib ketish arafasida).

Madaniy meros ob’yektlarining bu holatga kelib qolishiga birinchidan - tasarrufda saqlovchining aniq emasligi, ikkinchidan-e’tibordan chetda qolganligi va uchinchidan-madaniy meros ob’yektlarni ta’mirlash moliyalashtirilmayotganligi natijasida xaroba holatga kelib qolgan.

Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda 1607 ta madaniy meros ob’yektlaridan 529 (32,9%) tasining kadastr hujjatlari mavjud bo‘lib, qolgan ob’yektlarning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan, tasarrufda saqlovchi aniq emas.

Jumladan, Pastdarg‘om tumandagi mavjud 148 ta ob’yektdan bor-yo‘g‘i 2 tasining, Payariq tumanida 97 ta ob’yektdan 2 tasining, Narpay tumanida 50 ta ob’yektdan 2 tasining kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan, xolos.

Amaldagi tartibga asosan madaniy meros ob’yektlari kadastr xujjatlarini rasmiylashtirish va muhofaza belgilarni o‘rnatish mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirish belgilangan bo‘lsada, bugungi kunga qadar moliya organlari tomonidan mablag‘lar ajratilmagan.