Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Sharq taronalari» mehmonlariga 72 nafar haydovchi xizmat ko‘rsatadi

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga 80 dan ortiq davlatdan 750 nafarga yaqin mehmon-ishtirokchilar tashrif buyurishi kutilmoqda.

Festivalga tayyorgarlik ko‘rish, faxriy mehmonlar va ishtirokchilarni kutib olish, kuzatish, ularga namunali xizmat ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida Samarqand shahridagi 72 nafar tajribali haydovchilar, yo‘lovchi tashuvchi korxonalar mas’ullari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i A.Nosirov, viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i I.Xamroyev haydovchilarga mehmonlarni tashish va kuzatish davomida yo‘l harakati qoidalari talablariga rioya etish, transport vositasi texnik soz bo‘lgandagina yo‘nalishga chiqish, spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda avtomobilni boshqarmaslik, avtomobil boshqaruvi vaqtida yo‘l sharoitini hisobga olgan holda, kuzatuvchi patrul avtomobilning ko‘rsatmalariga amal qilib harakatlanish, o‘zboshimchalik bilan, asossiz avtomobilni to‘xtatmaslik, tezlik va oraliq masofani saqlash lozimligi xususida tushunchalar berdi.

Shuningdek, transport vositalarining tozaligi, haydovchilarning muomala madaniyati, mehmonlarga yurtimizning qadim an’analariga mos tarzda munosabatda bo‘lish kabi masalalar haqida so‘z yuritildi.