Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Skrining markazida nafaqat jismoniy, balki nasliy nuqsonlar ham aniqlanyapti

Ona va bola skrining markaziga Jizzaxdan kelgan ayol shifokorning so‘zlaridan so‘ng, yana bir karra cho‘kib qoldi. «Nahotki rost bo‘lsa…» Ayol Jizzaxda skrining tekshiruvidan o‘tganda ham shifokorlar shu fikrni aytishgandi, ammo ularga ishonmay Samarqandga keldi. Ular ham so‘zma-so‘z hamkasblarining ma’lumotini tasdiqlashdi: «homilada bosh miya qismi yo‘q… Homiladorlikni to‘xtatish tavsiya etiladi...»

Xavf guruhidagi onalar kimlar?

Samarqand viloyat ona va bola skrining markaziga kirib borarkanman, bu yerda oldingi yillardagidek katta navbatlar yo‘qligi e’tiborimni tortdi. Har bir mutaxassis eshigi yonida 4-5 nafar bo‘lg‘usi onalar navbat kutmoqda.

– Oldingi yillarda bitta skrining markazi butun viloyat ahliga xizmat ko‘rsatardi, onalarni qabul qilishda navbat ko‘payib ketar, noqulayliklar bo‘lardi, - deydi Samarqand viloyat ona va bola skrining markazi direktori Husain Bo‘riyev. – Hozirda barcha tuman va shaharlardagi tibbiyot bo‘limlarida perinatal diagnostika xonalari tashkil qilingan. Ushbu xonalar zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Birlamchi, ikkilamchi, uchinchi tekshiruvlar hududlarning o‘zida amalga oshiriladi. Shifokor va hamshiralarning barchasi shu yo‘nalishda malaka oshirgan. Faqatgina xavf guruhidagi ayollar tekshiruv uchun viloyat ona va bola skrining markaziga keladi. Ushbu guruhga 18 yoshgacha yoki 35 yoshdan yuqori bo‘lgan, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdagi, farzandlari orasida nogironligi, homilasi nobud bo‘lgan onalar kiradi.

Yil boshidan buyon 27 ming nafar homilador ayollarni tekshiruvdan o‘tkazdik. Ularning 378 nafarida nuqsonlar aniqlanib, homiladorlik to‘xtatilishi tavsiya etildi.

Nuqson haqida aytsak, ishonishmaydi…

– Markazda yuzdan ortiq nuqsonlarni aniqlab, bu haqda bo‘lg‘usi onalarni xabardor qilish imkoni bor, - deydi markaz shifokori Mirta’lim Pardayev. – Jumladan, yurak-qon tomir, tayanch harakati tizimlaridagi nuqsonlar, quyonlab, bo‘ri tanglay, ortiqcha a’zolarning mavjudligini aniqlash mumkin. Ushbu nuqsonlarning barchasida homiladorlikni to‘xtatish tavsiya etilmaydi. Masalan, yurakdagi ba’zi xastaliklar, quyonlab, ortiqcha a’zolarning mavjudligi kabi mamlakatimizda ham davolash imkoni bor kasalliklar aniqlanganda bu holat onalarga tushuntiriladi. Ammo ba’zi ayollar davolash imkoni bo‘lgan quyonlab aniqlanganda ham homilani oldirishga harakat qiladi. Ba’zi onalar esa jiddiy nuqsonlar aytilganda ham so‘zlarimizga ishonishni istashmaydi. Yaqinda viloyatda siam egizaklari tug‘ilishi bilan bog‘liq holat bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Kuni kecha shunga o‘xshash yana bir voqea sodir bo‘ldi. Ultratovushli tekshiruvdan o‘tgan jizzaxlik homilador ayolga «homilaning bosh qismi, ya’ni miya rivojlanmagan, deyarli yo‘q», desak ishonmadi. Vaholanki, o‘z viloyatida ham mutaxassislar unga buni aytishgan. Ammo bizning gaplarimizdan keyin ayol baribir ikkilanib ketdi. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, biz hech bir onaga homilani to‘xtatishini majburlay olmaymiz. Aniqlangan nuqson va uning oqibatlari haqida batafsil ma’lumot beramiz, xolos. Oxirgi qarorni onaning o‘zi qabul qilishi shart.

Keyingi yillarda yurakdagi nuqsonlar ham ota-onaga aytilyapti, ammo uni operatsiya yo‘li bilan davolashning imkoni borligi uchun bu haqda tushuncha beriladi.

Naslik kasalliklarni aniqlash imkoni paydo bo‘lgan

- O‘tgan yili markazda sitogenetik laboratoriya ish boshlagani uchun endilikda viloyatimizda ham nasliy kasallik bilan tug‘ilgan chaqaloqlarni o‘z vaqtida aniqlash imkoni paydo bo‘ldi, - deya suhbatni davom ettiradi H. Bo‘riyev. – Ushbu laboratoriya hududiy hisoblanib, Surxondaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari aholisiga xizmat ko‘rsatadi. Chaqaloq payti shifokorlar ko‘rigidan o‘tganda nasliy kasallik belgilari ko‘zga tashlansa, bu go‘daklardan tahlil olinib, tekshiriladi. Shu yilning o‘zida 80 nafarga yaqin 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar tahlillari mazkur laboratoriyada tekshirildi. Ularning 31 tasi inkor qilingan, ya’ni kasallik aniqlanmagan bo‘lib, 20 nafarida DAUN sindromi, 4 nafarida boshqa irsiy xastaliklar tasdiqlandi.

Keyingi paytda qarindoshlari «farzandlarimiz nikohdan o‘tayapti, ularning bolasi nogiron tug‘ilmasmikan, tekshirib berishning iloji bormi», deb murojaat qilishyapti. Ulardagi qon tahlilidan u yoki bu holatni aniqlashtirish mumkindir, ammo irsiy xastaliklarni to‘liq aniqlab bo‘lmaydi. Shuning uchun qarindoshlar o‘rtasidagi nikohga rozilik bermaslik lozim.

Ona va bola skrining markazi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning 8 oyida viloyatda 98 nafar go‘daklar nuqson bilan tug‘ilgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 84 nafarni tashkil qildi, 34 nafari nogiron. Darvoqe, nuqsoni bor bolalarning barchasi nogiron degani emas. Nuqson – insonning normal faoliyati uchun salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan kamchiliklar bo‘lsa, nogironlik insonning normal harakatlanishi, yashashi, faoliyatiga to‘siq bo‘ladigan holatlardir.

Umuman, nogiron farzandlar tug‘ilishining oldini olishda skrining markazi o‘z funksiyasini bajarishi barobarida bo‘lg‘usi onalarning, ta’bir joiz bo‘lsa oilalarning kelajagiga ta’sir o‘tkazuvchi muassasa hamdir. Zero, oiladagi bir nafar nogiron farzand shu oilaning ham ma’naviy, ham moddiy hayotiga umr bo‘yi turli darajada ta’sir ko‘rsatib kelaveradi.

Gulruh MO‘MINOVA.