Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sog‘liqni saqlash vazirligi to‘yxonada ovqatdan zaharlanganlarning holati bo‘yicha aniq ma’lumotlarni keltirdi

Avvalroq Samarqand shahridagi to‘yxonada odamlarning ovqatdan ommaviy zaharlanishi bo‘yicha xabar bergan edik. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mazkur holatni o‘rganib, quyidagilarni ma’lum qiladi.

Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joriy yil 16 sentyabr kuni soat 16:10 dan soat 18:30 ga qadar turli xonadonlarda yashovchi yetti nafar fuqaro bir xil klinik belgilar (ko‘ngil aynish, qayt qilish, bosh og‘rig‘i, qorin sohasida og‘riq, 4-5 marta ich ketish, tana haroratining yuqoriligi, holsizlik) bilan murojaat qilishgan.

O‘tkazilgan tezkor epidemiologik surishturuvlarda barcha bemorlar 14 sentyabr kuni kechki vaqtda Registon ko‘chasida joylashgan “Mo‘’jiza” restoranida o‘tkazilgan to‘yda ishtirok etib, to‘ydan so‘ng ortib qolgan go‘sht hamda ayrim oziq-ovqat mahsulotlarini uylariga olib ketishgan. Ular bu taomlarni xonadonlarida to‘yning ertasi kuni, ya’ni joriy yil 15 sentyabr kuni tushlikda va kechki ovqatda iste’mol qilishgan.

Bemorlarda 15 sentyabr kuni kech soat 18:00 larda ko‘ngil aynishi va qayt qilish kabi klinik belgilar bilan kasallik boshlangan. Ayrimlari uy sharoitida muolaja o‘tkazishgan, ahvoli yaxshilanmagach, “tez  tibbiy yordam”ga murojaat qilishgan.

Ayni paytga qadar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 17 nafar bemor murojaat qilgan. Ularga ovqat toksikoinfeksiyasining yengil va o‘rta og‘ir darajasi tashxisi qo‘yilib, 11 nafar bemor yotib davolanayapti, ahvoli yaxshi. Qolgan 6 nafarining ahvoli yaxshilangach, uyiga ruxsat berilgan.

Bemorlar Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratiga olingan bo‘lib, malakali shifokorlar tomonidan davolash ishlari olib borilmoqda.

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.