Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

So‘rovnomalar orqali ham kasallikni aniqlasa bo‘ladimi? Yoxud Qo‘shrabot bozorida o‘tkazilgan so‘rovda to‘rt kishining qandli diabeti borligi aniqlandi

Viloyat endokrinologiya dispanserining bir guruh shifokor-mutaxassislari Qo‘shrabot tumanidagi chekka Jo‘sh mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan dehqon bozorida bo‘lib, fuqarolar o‘rtasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazishdi.

Tadbir jarayonida aholining yoshi, jinsi, tana vazni indeksi, antropometrik ko‘rsatkichlari, kundalik turmushda jismoniy faollik holati, ovqatlanish tartibi, qaysi kasalliklar bilan og‘riganligi va qanaqa dori vositalari qabul qilib yurishi kabi savollarga javob izlandi.

So‘rovnomalarda ishtirok etgan 48 kishining qoni tahlil qilinganda, ularning 4 nafarida yashirin qandli diabet kasalligi, ikki kishida esa tugunli buqoq xastaligi borligi ma’lum bo‘ldi.

- So‘rovnomalar o‘tkazish orqali ommaviy iste’mol qilinadigan mahsulotlardagi kaloriya darajasini kamaytirish va ular tarkibidagi yog‘lar, tuz va qand miqdorining maqsadli darajalarini o‘rnatish, shuningdek, ularning porsiyalarning tavsiya qilinuvchi miqdorlarini belgilash orqali standartlari va retsepturalarini o‘rganish mumkin. Ta’lim muassasalari, savdo ob’yektlari, umumiy ovqatlanish korxonalari va boshqa tashkilotlarda sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik darajasini oshirish va sog‘lom turmush tarzini olib borish bo‘yicha davra suhbatlari va  seminarlarda bu savollarga javob topmoqdamiz, - deydi viloyat endokrinologiya dispanseri bosh shifokori Gulzoda Negmatova.

Bu kabi tadbirlar Samarqand shahrida, Urgut, Ishtixon va Past Darg‘om tumanlarida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Dilmurod TO‘XTAYEV.