Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

SSV koronavirusdan vafot etgan 11 yoshli bola haqida ma’lumot berdi

Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shahrida istiqomat qilgan 11 yoshli fuqaro M.O‘.ning vafoti yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, bemor 5 sentyabr kuni ertalab soat 8:00 da tuman tibbiyot birlashmasi qabul bo‘limiga tez tibbiy yordam mashinasida olib kelingan. Bolada o‘sha vaqtda burundan qon ketishi, tana haroratining 38 S ga ko‘tarilishi, nafas siqishi kuzatilgan. Ko‘krak qafasi rengeni qilinganda 50 foiz zararlanish aniqlangan. Bu haqda Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabar berdi.

Bola 2012 yildan buyon surunkali glomerulonefrit, nefrotik shakli, surunkali buyrak yetishmovchiligi, kamqonlik va semizlikning uchinchi darajasi tashxisi bilan dispanser nazoratida turgan va nogironlik nafaqasi olib kelgan. Toshkent tibbiyot akademiyasining bolalar nefrologiya bo‘limida yuqoridagi tashxis bilan yiliga 2 marta statsionar sharoitda davolanib turgan. So‘nggi bor 2020 yil 11–20 iyulda Chirchiq shahridagi Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining nefrologiya bo‘limida davolangan.

Bemor Bo‘stonliq tumani tibbiyot birlashmasida infeksionist, reanimatolog, pediatr shifokorlari tomonidan konsilium qilingan va unga koronavirus tashxisi qo‘yilib, tezkor tartibda Chirchiq shahridagi shu sohaga ixtisoslashgan shifoxonaga keltirilgan.

Ko‘rilgan davo choralariga qaramasdan, bemor surunkali glomerulonefrit, buyrak yetishmovchilining terminal bosqichi, semizlik va anemiyaning uchinchi darajasi, ikki tomonlama pnevmoniyaning og‘ir shakli oqibatida vafot etgan.