Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

SSV: Koronavirusni davolashda yangi usul qo‘llaniladi

Qadim zamonlardayoq tibbiyotda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan inson qoni olimlarning alohida e’tibor markazida bo‘lib kelgan. Chunki qon hayot manbai, unda turli kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati mavjud deb hisoblangan.

Shundan kelib chiqqan holda mamlakatimizda qon donorligi va qondan turli kasalliklarga qarshi kurashish xususiyatiga ega bo‘lgan preparatlar tayyorlanib kelinmoqda. Bunga turli bakteriya va mikroblarga qarshi zardoblar, muzlatilgan plazmalar yoki immunglobulinlarni misol qilish mumkin.

Barchamizga ma’lumki, ayni paytda butun dunyoda COVID-19 infeksiyasi pandemiyasi hukm surmoqda. Davlatimiz rahbarining qat’iy irodasi hamda qator mas’ullarimiz tomonidan ko‘rilayotgan sa’y-harakatlar tufayli yurtimizda ushbu kasallikning tarqalishi nazoratga olingan.

Yana bir ahamiyatli tomoni, fidoyi shifokorlarimizning mashaqqatli mehnatlari natijasida koronavirus infeksiyasidan tuzalgan bemorlarimiz ayni paytda 42 nafarga yetdi va ular safi kundan kunga ortib bormoqda.

E’tiborli jihati, sog‘aygan fuqarolarimizning qon zardobi kasallikni boshidan kechirayotgan bemorlarimiz uchun nihoyatda bebaho bo‘lib, ularning ushbu xastalikni yengil o‘tkazishi va tezroq tuzalishlari uchun zamin bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Shunga ko‘ra, yurtimizdagi bir qator tajribali olim va shifokorlar bilan kelishilgan holda, tez kunlarda mutlaqo yangicha usul — koronavirusdan sog‘aygan insonlarning qon zardobini xastaligi og‘ir kechayotgan bemorlarga quyish amaliyotini joriy etish boshlanadi, deya ma’lum qildi SSV matbuot xizmati.

Amaliyotning ilmiy asosiga keladigan bo‘lsak, COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlar qon zardobida virusga qarshi immun tanachalar paydo bo‘lib, ular virusning o‘limiga olib keladi.

Tabiiyki, bu amaliyot qator savollar tug‘dirishi mumkin. Zardobdan boshqa kasallik yuqmaydimi? Zardob bergan insonlar ahvoli og‘irlashmaydimi? Bemorlarga zardob quyilganda turli asoratlar yuzaga kelmaydimi?

Avvalo, koronavirus infeksiyasidan tuzalgan insonlardan zardob olishdan oldin, bir nechta infeksiyalarga tekshiriladi, tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Qo‘shimcha infeksiyasi va kasalligi bo‘lmagan insonlar zardobining kichik bir qismi olinadi, xolos. Bu miqdor donor uchun hech qanday salbiy asoratlarni namoyon qilmaydi. Bu ilmiy jihatdan isbotlangan. So‘ngra yig‘ib olingan zardob yana qo‘shimcha ishlov berish jarayonlaridan o‘tkazilgandan so‘ng kasallik og‘ir kechayotgan bemorlar roziligi va shifokor ko‘rsatmalari hamda maxsus tartiblarga qat’iy rioya qilingan holda qo‘llanilishi mumkin.

Muhimi, COVID-19 infeksiyasidan tuzalgan insonlarning qon zardobi – kasallik og‘ir kechayotgan yoki uzoq davom etayotgan bemorlarimizga virusni tezroq va osonroq yengish uchun qo‘shimcha kurashish manbai bo‘lib xizmat qiladi.