Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Tadbirkorni homiylikka majburlama!”

Adliya vazirligi Huquqiy axborot kanali orqali shu nomda aksiya e’lon qildi.

Xabaringiz bor, ayni kunlarda Adliya vazirligi tomonidan “Adliya tadbirkorga do‘st” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha doirasida “Tadbirkorni homiylikka majburlama!” shiori ostida tadbirkorlarni noqonuniy homiylik ishlariga jalb qilishga qarshi aksiya e’lon qilindi. Ushbu aksiya oktyabr oyi davomida o‘tkaziladi.

Aksiya doirasida ijtimoiy tarmoqlar orqali hamda hududiy adliya organlari tomonidan respublikaning barcha hududlarida so‘rovlar o‘tkazish, shuningdek, noqonuniy homiylikning barcha ko‘rinishlariga qarshi zarur chora-tadbirlarni ko‘rish rejalashtirilgan.

Shuningdek, ushbu aksiya orqali tadbirkorlik sub’yektlarini homiylik va xayriya yordami ko‘rsatish ishlariga majburiy jalb qilish, ularga nisbatan ma’muriy va boshqa choralarni qo‘llash tahdidi ostida yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish holatlarini aniqlash bo‘yicha so‘rovlar o‘tkaziladi.

So‘rovnomada anonim ravishda yoki shaxsingizni ko‘rsatgan holda ishtirok etishingiz mumkin.

Shaxsini ko‘rsatgan ishtirokchilarning tadbirkorlik huquqlarini tiklash yuzasidan zarur choralar ko‘riladi.

So‘rovnomada quyidagi havola orqali ishtirok etishingiz mumkin:

Bundan tashqari, mazkur holatlarga barham berish maqsadida tadbirkorlarni noqonuniy homiylikka jalb qilishning har qanday ko‘rinishi yuzasidan @tadbirkor_adliyabot yoki 1008 raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.

Aksiyada faol ishtirok etishingizni so‘raymiz.

Eslatib o‘tamiz, tadbirkorlik sub’yektlarini homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-4-moddasida hamda Jinoyat kodeksi 192-4-moddasida javobgarlik belgilangan.