Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Toshkentda “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimining jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi

2019 yilning 23 oktyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati ta’qiqlangan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimining bir guruh a’zolari jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxslarning bir necha nafari muqaddam ta’kidlangan oqimning a’zosi sifatida noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanganligi bois jazo muddatini o‘tab chiqqan bo‘lib, mamlakatimiz hukumati tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy, huquqiy va ma’naviy ko‘maklardan xulosa chiqarmagan. O‘zaro jinoiy til biriktirib, aholi orasida noqonuniy targ‘ibot olib borib, “Jihodchilar” oqimining g‘oyalarini tarqatgan hamda shu yo‘l bilan saflarini kengaytirishga qaratilgan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarni sodir etgan. Shuningdek, yurtimizdagi yoshlar ongini zaharlab, o‘zlarining aqidaparastlik g‘oyalarini singdirib, ularni jinoyat sodir etishga chorlagan.

Hibsga olingan shaxslarning yashash manzillarida ekstremistik mazmundagi adabiyotlar mavjudligi aniqlangan va ular protsessual tartibda olib qo‘yilgan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov-surishtiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun, “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi g‘oyalarida kishilar ongidan milliy urf-odatlarni yo‘q qilish, qabriston va ziyoratgohlarga borishni man etish, barcha qonun-qoidalarni faqat Qur’on va shariat asosida o‘z talqinlarida bo‘lishini ta’minlash hamda mavjud siyosiy tuzumni ag‘darib tashlash va shariatga asoslangan davlatni qurish aks etgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi tashkiloti faoliyati O‘zbekiston Respublikasi hududida ta’qiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.  

Fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da’vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari, saqlamasliklari va tarqatmasliklarini so‘raymiz.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Minjust.uz” nomli veb-saytida ekstremistik va terroristik tashkilotlar haqidagi ma’lumotlar e’lon qilib borilayotganligini ma’lum qilamiz.

Avvalroq, 16 oktyabr kuni Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida istiqomat qiluvchi O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati ta’qiqlangan «Xizb ut-tahrir» diniy-ekstremistik tashkilotining bir guruh a’zolarining jinoiy faoliyatiga chek qo‘yilgani xabar berilgandi.