Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Viloyat hokimining o‘rinbosari birlamchi tibbiy xizmat sifati bilan tanishdi

Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Xurshid Ochilov Prezidentimizning “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi bilan tanishish maqsadida Samarqand shahridagi 4-oilaviy poliklinikada bo‘ldi.

Hokim o‘rinbosari muassasada amalga oshirilayotgan ishlar, mahallalarda tibbiyot xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan xatlov natijalari bilan tanishdi. Salomatlik guruhlariga ajratilgan fuqarolarga tibbiy xizmat tashkil qilish bo‘yicha maslahat va takliflar berdi.

Shuningdek, X.Ochilov tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatni sifatini ko‘tarish, har bir mahallada 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar, tug‘ish yoshidagi va homilador ayollar, nogironligi bo‘lganlar, yurak qon-tomir, onkologik, endokrin kabi kasalliklarga moyilligi bo‘lgan fuqarolar bilan ishlashning alohida tizimini bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berdi.

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati.