Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Viloyat hokimining sayyor qabullarida ro‘yxatga olingan murojaatlarning nechtasi bajarilmagan?

Bugun viloyat hokimligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, viloyat hokimining sayyor qabuli, Ishonch telefoni, telegram messenjeri hamda “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvi orqali qilingan murojaatlarning ko‘rib chiqilishi tahlil qilingan.

Xususan, viloyat hokimi E.Turdimov o‘tkazgan sayyor qabullarda ro‘yxatga olingan 5262 ta murojaatlarning 14 tasi muddatida bajarilmagan.

Tahlillarga ko‘ra, bajarilmagan murojaatlarning katta qismi Payariq tumaniga to‘g‘ri kelmoqda. Misol uchun, Javsharota mahalasida yashovchi Fayzullo Hamroyevning ichimlik suvi tarmog‘i tortish, G‘oyib ota mahallasida yashovchi Nurmamat Musulmonovning hamda Boshqo‘rg‘on mahallalik Rayim Allayorovning ichimlik suvi ta’minotidagi kamchiliklar to‘g‘risidagi murojaatlari bugungi kungacha hal etilmagan.

Shuningdek, Dehqonobod mahallasida istiqomat qiluvchi Sharof Eshmuhammedov hamda Xalqobod mahallasida yashovchi Husniddin Burxonovning ichki yo‘llarni ta’mirlash masalasida qilgan murojaatlari ijrosi ta’minlanmagan.

Bundan tashqari, viloyat bosh arxitektori Samarqand shahrida yashovchi Komil Soliyevning buzilishga tushgan savdo do‘koni o‘rniga yer maydoni ajratish, Samarqand shahar Abubakir Roziy ko‘chasi 8-uyda yashovchi Baxtiyor Boboyevning eski garaj binosini buzib, yangi avtoturargoh qurish masalasini shu paytgacha hal qilmagan.

Jomboy tumani arxitektura va qurilish bo‘limi tomonidan Dehqonobod mahallasida yashovchi fuqaro Sharipova Orzigulning tabiblik qilish uchun 2 sotix yer ajratib berish to‘g‘risidagi murojati bugungi kungacha ko‘rib chiqilmagan.

Past Darg‘om tumani Qo‘qoni mahallasida yashovchi Gulchehra Yuldashevaning oqava suv tarmog‘ini tartibga keltirish, Katta Nayman mahallasida yashovchi Juma Omonovning ichki yo‘lni ta’mirlab berish masalalari hal etilmagan.

Paxtachi tumani Qarnab ota mahallasida yashovchi fuqaro R.Norboyevning qo‘ychilik sohasini rivojlantirish maqsadida quduq qazishga yordam so‘rab qilgan murojaati tuman mahalliy byudjetidan mablag‘ ajratilmaganligi sababli ochiq qoldirilgan.

Kattaqo‘rg‘on shahrida “Qoradaryo” ko‘chasi 6-uyda yashovchi G‘ulom Umurzoqovning ko‘chaga alfalt yotqizib berish to‘g‘risidagi murojaati ham e’tiborsiz qoldirilgan.

Yo.GADOYEV.