Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yangi tashkil etilgan davlat inspeksiyasiga rahbar va agentlikka direktor tayinlandi

Bugun, 10 sentyabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov va Sog‘liqni saqlash vaziri A.Shadmanov ishtirok etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Atabekov Nurmat Satiniyazovich Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i – O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat sanitariya inspektori, Almatov Bahrom Ibragimovich Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori – O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat sanitariya vrachi etib tayinlanganligi bildirildi.

N.Atabekov bugungi kungacha Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti direktori, B.Almatov esa Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Ma’lumot uchun, Prezidentimizning joriy yil 9 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligining sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati tashkilotilari va ularning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tashkil etildi.