Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yong‘inlarning aksariyati e’tiborsizlik oqibatida kelib chiqyapti

Ichki ishlar vazirligi tomonidan chorshanba - yong‘in xavfsizligi profilaktikasi kuni, deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan Qo‘shrabot tumanida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Jumladan, tumanning eng chekka hududida joylashgan Sorigul mahallasida o‘tkazilgan tadbir davomida tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi yong‘in xavfsizligi bo‘limi xodimlari tomonidan 320 ta xonadon o‘rganilib, 40 ta xato va kamchilik aniqlandi, ularning 35 tasi joyida bartaraf etildi.

Aksariyat yong‘inlar fuqarolarimizning e’tiborsizligi, xavfsizlik qoidalariga amal qilmaganliklari tufayli sodir bo‘lmoqda. Oqibatda uy-joylar, moddiy boyliklarning yonib ketishi, fuqarolarning kuyish va o‘lim bilan bog‘liq holatlar ham kuzatilmoqda. Masalan, shu yil 16 iyun kuni tumandagi Qo‘rolos mahallasida yashagan fuqaro Azamat Mahkamov mast holda sigaret chekib, uxlab qolishi oqibatida xonadonning 100 kvadrat metr qismi yonib zararlangan, o‘zi esa vafot etgan.

Yana bir misol, shu yilning 26 iyun kuni Qovunchi mahallasida yashovchi fuqaro Holiqul Vohidovga tegishli xonadon oshxonasida gaz plitasiga yog‘ qo‘yib, nazoratsiz qoldirgani oqibatida xonadonning 30 kvadrat metr qismi yonib zararlangan.

Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Xullas, shu yilning o‘tgan davri mobaynida 46 ta yong‘in hodisasi sodir bo‘lib, 3 nafar fuqaro kuyish oqibatida tan jarohati olgan, 1 nafar fuqaro vafot etgan.

Qish fasli yaqinlashib, kunlar soviy boshladi. Fuqarolarimizning xonadonlarni isitishda yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilishi, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarur.

Asror G‘ANIYeV,

Qo‘shrabot tumani yong‘in xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i.