Prezident taklif etgan besh tashabbusni Urgutda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov tomonidan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da besh tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha mas’ullar va chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, tumandagi 135 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabini 3 turdagi (rubob, dutor, doira) musiqa asboblari bilan ta’minlash orqali qo‘shimcha 150 ta to‘garak tashkil etiladi. Shuningdek, maktablarda havaskor yoshlar teatr va ansambllari tuziladi.

Tumandagi barcha korxona, tashkilot, muassasalar ishchi-xodimlari, o‘quvchilar, katta yoshdagi aholi o‘rtasida ertalabki gimnastika mashg‘ulotlari, haftada bir kun sport tadbirlari yo‘lga qo‘yiladi.

Urgut markaziy madaniyat va aholi dam olish maskanida, tuman markazidagi musiqa maktabida, amfiteatrda wi-fi hududi tashkil etiladi.

Umumta’lim maktablari, bog‘chalar va mahallalarga 18 mingdan ortiq kitob tarqatiladi.

Tumanning olis qishloqlarida tikuv-trikotaj majmualarini ishga tushirish hisobiga 400 nafar xotin-qizlar ish bilan ta’minlanadi.

Besh tashabbusni Urgutda amalga oshirish doirasida 600 nafar yoshlarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish rejalashtirilgan.