Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Avgust oyida narxlar necha foizga oshdi?

Joriy yilning avgustida iste’mol bozoridagi o‘rtacha narxlar darajasining oy davomidagi o‘sish sur’ati 2,9 foizni tashkil etdi. Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, yanvar-avgust oylarida tovarlar va xizmatlar narxi 8,2 foizga qimmatlashdi.

2018 yilning avgust oyiga nisbatan o‘rtacha narxlar 16,5 foizga oshgan. 2018 va 2019 yillarning yanvar-avgust davrlaridagi oylik narxlar o‘zgarishi deyarli o‘xshash: yanvardan maygacha o‘rtacha narxlar darajasi ko‘tarilgan, keyingi ikki oy davomida esa narxlar arzonlashib, avgust oyida iste’mol narxlari indeksi 100 foizlik ko‘rsatkichdan yuqorini tashkil etgan.

O‘tgan oyga nisbatan so‘nggi 1 yil 8 oy davomidagi iste’mol narxlari indeksi o‘zgarishi dinamikasi tahlillariga ko‘ra, tovarlar va xizmatlar iste’mol narxlari indeksining o‘sish sur’ati joriy yilning avgust oyida maksimal darajani tashkil etdi (2,9 foiz). Shuningdek, nisbatan yuqori ko‘rsatkichlar 2018 yilning yanvar (2,7 foiz), noyabr (2,3) hamda dekabr (2,1) oylarida ham qayd etilgan.

Taqqoslanayotgan davrlardagi o‘rtacha narxlar darajasining eng yuqori ko‘rsatkichlari 2018 yilning may oyida (106,6 foiz), 2019 yilning avgust oyida (108,2 foiz) qayd etilgan.

Umumiy hisobda yillik iste’mol narxlari indeksi ko‘rsatkichlarining minimal darajasi 2019 yilning yanvar oyida (113,0 foiz), maksimal natija 2018 yilning yanvar oyida (120,1 foiz) qayd etilgan.

Shu bilan birga, ushbu ko‘rsatkich dinamikasini o‘rganish natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, 2018 yil davomidagi uzoq muddatli pasayish tendensiyasi hamda 2019 yilning yanvar-iyul oylarida narxlar nisbatan barqaror saqlanib, yillik iste’mol narxlari indeksi ko‘tarilish tomon harakatlandi (2019 yilning avgust oyidagi ko‘rsatkich 16,5 foiz, 2019 yilning iyul oyida 13,5 foiz).

Yirik guruhlar bo‘yicha narxlar o‘zgarishiga ko‘ra, 2019 yilning avgust oyi natijalariga asosan oy davomida tovarlar narxlari o‘rtacha 2,2 foiz, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 2,3 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari 2,1 foizga ko‘tarildi. Xizmatlar narxlari oy davomida 5,6 foizga qimmatlashdi. Taqqoslash uchun: 2018 yilning avgustida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oy davomida o‘rtacha 0,3 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,3 foiz, xizmatlar esa 0,4 foizga qimmatlashgan.

Umumiy hisobda 2019 yilning yanvar-avgust oylari davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 6,9 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari 7,8 foiz, xizmatlar 11,5 foizga qimmatlashgan.

Yillik ko‘rinishda (2019 yil avgust oyi 2018 yilning avgust oyiga nisbatan) oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 19,7 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari 11,5 foiz, xizmatlar 18,6 foizga ko‘tarildi.