Eron atrofidagi inqiroz va Xitoyning pozitsiyasi
AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyoti Pekin va Moskva o‘rtasidagi aloqalarni yanada yaqinlashtiradi, deb ta’kidlash mumkin.
Bu xulosani Bloomberg tahlilchilari ham ilgari surmoqda. Ularning fikricha, Eron atrofidagi inqiroz Xitoy uchun avvalo, energetik xavfsizlik masalasidir. Chunki Yaqin Sharqda ta’minot zanjiri uzilishi xavfi qanchalik ortsa, Si Szinpin uchun Rossiya nefti va gazining qadri shunchalik oshib boraveradi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Eron Xitoyning dengiz orqali olib kiriladigan neft importining taxminan 13 foizini ta’minlaydi va sanksiyalar sharoitida arzon neft yetkazib beruvchi muhim manba bo‘lib qolmoqda. Hozirda Pekin Eron neft eksportining taxminan 90 foizini xarid qilmoqda va amalda Tehron uchun asosiy tashqi moliyaviy kanal hisoblanadi.
Aynan shu bog‘liqlik tufayli Xitoy Eron nefti olib chiqiladigan Hormuz bo‘g‘ozi atrofida mana 10 kundan beri davom etayotgan inqirozdan nihoyatda asabiylashmoqda. Bunday sharoitda, ya’ni Yaqin Sharqdagi logistika tizimi izdan chiqishi xavfi kuchaygan paytda Rossiya xomashyosi Xitoy uchun o‘ta muhim zaxira varianti sifatida namoyon bo‘ladi.
Bloombergning ta’kidlashicha, Xitoyning Eron sababli Vashington bilan keskin to‘qnashuvga borishi ehtimoldan yiroq. Pekin asosan siyosiy signallar va diplomatiya bilan cheklanmoqda. Chunonchi, u Rossiya bilan birgalikda BMT Xavfsizlik Kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirishni talab qildi. Bu talab AQSh va Isroilning Eronga bergan zarbalaridan keyin ilgari surildi.
Xitoy rahbariyati hozircha Eronni ramziy va diplomatik qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanyapti, xolos. Boshqa amaliy qadamlar tashlashga shoshilmayapti. Undan ko‘ra, Pekin o‘zini konfliktga aralashmaydigan tomon sifatida namoyon qilishni afzal ko‘rmoqda.
Bunday ehtiyotkorlikning amaliy sabablari bor, albatta. Birinchidan, Xitoyda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Si Szinpin va Donald Tramp o‘rtasidagi uchrashuvga oz vaqt qoldi va tabiiyki, Pekin ushbu muhim sammit oldidan AQSh bilan o‘zaro munosabatlarga darz ketishini xohlamaydi. Ikkinchidan, mart oyi o‘rtalarida esa ikki mamlakat savdo vakillari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, Pekin uchun yillik o‘zaro savdo hajmlarini (2025 yilda tovar ayirboshlash hajmi taxminan 560 milliard dollarni tashkil qilgan) saqlab qolish, tariflar urushi yanada kuchayib ketishining oldini olish va har ikki tomon uchun muhim bo‘lgan ta’minot zanjirlarini, jumladan, strategik ahamiyatga ega minerallar yetkazib berish tizimini saqlab qolish katta ahamiyatga ega.
Shu bois, Eron atrofidagi hozirgi inqiroz Xitoyni AQSh bilan ochiq qarama-qarshilikka emas, balki neft, xomashyo va diplomatik qo‘llab-quvvatlash masalalarida Rossiya bilan yanada yaqin va ehtiyotkor hamkorlik qilishga undaydi.