Fuqaroning oyoq kiyimida yashirilgan zargarlik buyumi, qimmatbaho tosh bo‘lagi borligi aniqlandi

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining “Jartepa” chegara bojxona posti orqali kirib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi B.M.ning xatti-harakatlari shubha uyg‘otganligi sababli unga tegishli bo‘lgan sumka va buyumlari “Rapiscan 624XR” rentgen apparatidan o‘tkazildi.
Rentgen apparati fuqaro oyoq kiyimining tovon qismida noma’lum buyumlar borligini ma’lum qildi. So‘ngra ushbu oyoq kiyimi xolislar ishtirokida tekshirilganda, oyoq kiyimining ichki tovon qismida ustomonlik bilan berkitilgan zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.
Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, fuqaro ushbu zargarlik buyumlarini “Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida” yozib ko‘rsatmagan hamda bojxona xodimlari tomonidan olib borilgan og‘zaki so‘rovda ham ma’lum qilmagan.
Bojxona nazoratidan yashirilgan ushbu zargarlik buyumlarining umumiy qiymati taxminan 13,7 million so‘m bo‘lib, umumiy vazni 51 grammdan iborat zargarlik buyumlari, hamda 1 dona vazni 42 gramm, tarkibida qimmatbaho metall bo‘lgan tosh bo‘lagi borligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda, mazkur holat bo‘yicha tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.