Samarqand viloyatida bojxona to‘lovlaridan qochishga uringan tadbirkorlar qoplarda xomashyo o‘rnida tayyor mahsulotni olib kirishga urindi

Bugungi kunda yurtimizda ishbilarmonlik va tadbirkorlik muhitini tubdan yaxshilash uchun yangi imkoniyat va imtiyozlar yaratilmoqda. Biroq ana shu imkoniyatlardan oqilona foydalanish o‘rniga, ba’zi bir “uddaburon tadbirkor”larimiz qonunga zid ravishda bojxona to‘lovlaridan qochish maqsadida tovarning TIF TN kodini o‘zgartirib, tayyor tovarni xomashyo sifatida olib kirishga urinish kabi salbiy holatlar ham uchrab turibdi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.
Xususan, Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi MChJ nomiga xorijiy davlatdan umumiy qiymati 17 749 AQSh dollariga teng bo‘lgan, 15570 kilogramm “Parda mahsulotlari uchun mato xomashyosi” tovari olib kelinishi lozim edi.
Bojxona ko‘rigi davomida bojxonachilarda tovarning TIF TN kodiga aniqlik kiritish maqsadida tovarlardan belgilangan tartibda namunalar olib, kompleks ekspertizaga yuborildi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu tovarlar xomashyo emas, balki tayyor parda matolari ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Olib qo‘yilgan ushbu parda tovarlarga nisbatan 2,1 milliard so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi va jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.