Samarqandda bugun boshlangan test sinoviga 995 nafar, SamDUda o‘tkazilgan ijodiy imtihonlarga 64 nafar abituriyent kelmadi

Bugun, 2 sentyabr kuni Samarqand viloyatida belgilangan to‘rt hududda abituriyentlar uchun test sinovlari boshlandi. Karantin talablariga muvofiq test sinovlari ikki navbatda o‘tkazildi. Test sinovlarining har navbatida 6 ming 120 nafar abituriyent test topshirishi rejalashtirilgan bo‘lib, bir kunda 12 ming 240 abituriyent imtihon topshiradi. Ammo 995 nafar abituriyent test sinoviga kelmadi. Qo‘l telefoni olib kirishga uringan bir nafar abituriyent imtihondan chetlatildi.

Eslatib o‘tishimiz lozim, abituriyentlarning ota-onalari jarayonni mahalliy televideniye yoki test2020.uz sayti orqali onlayn kuzatib borishlari mumkin.

***

Samarqand davlat universitetida tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishida ijodiy imtihonlar boshlandi. Imtihon universitetning fizika fakulteti binosi hovlisida, ochiq joyda o‘tkazildi.

Ijodiy imtihonda 6 guruh qatnashdi. Har bir guruhdan nomzodlar chiqib, komissiya a’zolari tuzgan imtihon biletlardan birini tanladi. Abituriyentlardan biletda ko‘rsatilgan tasvirni qalam yoki bo‘yoqda chizish topshirildi. Har bir guruh yaqiniga tanlangan grafik qo‘yildi va chizish uchun 1 soat vaqt berildi.

Imtihon tugagach, chizmalar maxsus raqamlanib, baholash uchun mutaxassislarga berildi. Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishida abituriyentlar faqat ijodiy imtihon topshiradi. Ushbu yo‘nalishda imtihonlar 8 sentyabrgacha davom etadi.

Shunisi ajablanarliki, 180 nafar abituriyent qatnashishi kerak bo‘lgan ushbu ijodiy imtihonga 64 nafar abituriyent kelmadi.  

***

2 sentyabrdan boshlab oliy ta’lim muassasalarida 2020-2021 o‘quv yili rasman boshlandi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabariga ko‘ra, respublika oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayoni tasdiqlangan o‘quv rejalari asosida masofaviy shaklda onlayn tarzda yo‘lga qo‘yiladi.