1 avgustdan ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori oshiriladi

2019 yilning 12 iyul kuni “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2019 yilning 1 avgustidan O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam:

ish haqi – oyiga 223 000 so‘m;

yoshga doir pensiyalar – oyiga 436 150 so‘m;

bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa – oyiga 436 150 so‘m;

zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 267 650 so‘m miqdorida belgilandi.

Shuningdek, II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning nogironlik pensiyalari eng kam miqdori yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan 75 foiziga oshirildi hamda 2019 yilning 1 avgustidan I guruh nogironlik nafaqasi, shuningdek, 16 yoshdan katta bolalikdan I guruh nogironlik nafaqasi oluvchilarga har oyda eng kam ish haqining 25 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy qilindi.