1 iyuldan fuqarolarga STIR berish bekor qilinadi
2021 yil 1 iyundan boshlab davlat organlari, tashkilotlar va muassasalar tomonidan aholidan soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligi (STIR olganlik) faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish bekor qilindi.
Ya’ni, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda jismoniy shaxslarning soliq organlarida hisobga qo‘yilganligini soliq organidan mustaqil ravishda yoki «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olishi lozim.
Shuningdek, farmon bilan 2021 yil 1 iyundan boshlab 16 yoshga to‘lgan shaxslarga identifikatsiya ID-kartalari berish ularni soliq organlarida soliq to‘lovchi sifatida hisobga qo‘yish bilan bir vaqtning o‘zida amalga oshirilishi belgilandi.
Shunga asosan, 2021 yil 1 iyuldan boshlab soliq organlarida soliq to‘lovchilarning hisobini yuritish jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamidan foydalangan holda amalga oshirishga o‘tiladi.
Ya’ni, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini (STIR) berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish bekor qilinadi.
Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator hisoblanadi hamda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarni identifikatsiya qiladigan alohida raqamlarni yuritish taqiqlanadi.