1 yanvardan xorijiy ishchi kuchlarini jalb qilish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi
Prezident Farmoniga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan boshlab ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarning bekor qilinadigan ayrim turlari ro‘yxati:
- xorijiy ishchi kuchlarini jalb qilishga ruxsatnoma;
- sug‘urtalovchining moliyaviy ahvolini sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari kompleksini kelishish;
- banklarda auditorlik tekshirishlarini o‘tkazish huquqiga sertifikat;
- ob’yektlar, mahsulotlar va texnologiyalarning loyihalarini hamda ularni foydalanishga qabul qilib olish ishlarini ularning temir yo‘l transporti sohasida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan ekspertiza xulosasi;
- lokomotivlar, yuk va izotermik vagonlarning xizmat qilish muddatlarini uzaytirishga texnik yechimlardan ishlab chiqarishda foydalanishni kelishish;
- suv resurslaridan foydalanish va drenaj-oqova suvlarni tashlash bilan bog‘liq yangi korxonalarni qurish va ishlab turganlarini rekonstruksiya qilish loyihasini kelishish;
- bino va inshootlarni, suv ta’minoti, kanalizatsiya va oqova suvlarni tozalash tizimlarini, gidrotexnika inshootlarini, boshqa ob’yektlarni sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena me’yorlariga rioya etgan holda loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilishni kelishish;
- kabel televideniyesi tarmoqlarini loyihalashtirish qurish yoki sotib olish, o‘rnatish, olib kirish va foydalanish turidagi ruxsatnoma;
- trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsatnoma;
- jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish yoki sport inshooti pasporti.