12 yoshli bolani chek so‘ragani uchun urgan do‘kon sotuvchisi 15 sutkaga qamaldi
Holat qanday sodir bo‘lgan? Do‘kondor qay tariqa javobgarlikka tortilgan? Barchasi haqida quyida bilib olishingiz mumkin...
Videoda ko‘rgan holat yuzasidan bolaning onasi D.J. 20 iyul kuni Bolalar ombudsmaniga murojaat qilgan. Unda farzandi Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi do‘konda xarid qilganda QR-chek so‘ragani uchun sotuvchi bolani haqoratlab, bir necha bor uning yuziga urganini bildirgan. Tabiiyki, sotuvchiga qonuniy chora ko‘rishni so‘rgan.
Bolalar ombudsmani ichki ishlar organlariga bolaga nisbatan sodir etilgan qonunga zid harakatni o‘rganish bo‘yicha so‘rov yuborgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida jamoat joyida so‘kinib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik xatti-harakatlarini sodir qilgani aniqlangan. Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ish qo‘zg‘atilib, 21 iyul kuni hujjatlari jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudiga yuborilgan.
12 yoshli bolaga nisbatan g‘ayriqonuniy harakatlari uchun do‘kon sotuvchisi Z.A.ga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.