15 kunda 180 ta tadbirkorlik sub’yekti ro‘yxatdan o‘tkazildi
Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlaridan iborat ishchi guruh shaharda faoliyat yurituvchi tadbirkorlarni xatlovdan o‘tkazmoqda. Ushbu xatlovni o‘tkazishdan maqsad noqonuniy faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlash, faoliyati mos kelmaydiganlarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazishdan iborat.
- Mart oyining o‘tgan davri davomida 180 ta tadbirkorlik sub’yekti ro‘yxatdan o‘tkazildi, - deydi inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari Abduqahhor Majidov. - 110 nafar nazorat kassa mashinasi, shundan, 50 tasi onlayn nazorat kassa mashinasi ro‘yxatga olindi. Ta’kidlash lozimki, xatlov jarayonida 32 nafar fuqaroning noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini boshlagani aniqlanib, ularning faoliyati qonuniylashtirildi. 16 ta tadbirkorlik sub’yektining faoliyat turi mos kelmaganligi sababli qayta ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shuningdek, xatlov jarayonida 151 nafar “konvert”da ish haqi olayotgan ishchilar, 350 ta holatda ijara shartnomalari rasmiylashtirildi.
Shu o‘rinda, yashirincha faoliyat yuritayotgan, nazorat kassa mashinasidan xarid cheki bermasdan, naqd pul tushumini yashirayotgan tadbirkorlarga murojaat qilmoqchimiz. Mamlakatimizning yanada rivojlanishi, obod bo‘lishida, sifatli ta’lim va tibbiyot, chegaralarimiz mustahkamligi siz va biz to‘lagan soliqlardan ta’minlanadi.
Soliqlardan qochmang, davlat soliq organlari xodimlari sizga ko‘makchi bo‘lishga hamisha tayyor.