1,5 milliondan ortiq ko‘chat ekishga tayyor

Tabiat uyg‘ondi. Yangi bog‘lar yaratish, gullar ekish, ko‘cha-ko‘y obodligiga fayz beruvchi nihollar o‘tqazish mavridi yetdi. Ko‘chatchilik borasida mintaqada yetakchi bo‘lgan Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti Samarqand ilmiy tajriba stansiyasining jamoasi ham o‘zlari yetishtirgan serhosil ko‘chatlarni bog‘bonlarga taqdim etmoqda.

– Bu yil stansiyamiz xodimlari tomonidan urug‘li meva ko‘chatlaridan 258 ming, donakli mevalardan 47 mingdan ortiq ko‘chatlar tayyorlandi, – deydi ilmiy tajriba stansiyasi bosh hosiloti Bobur Haydarov. – Birgina olmaning 13  xil yangi navidan 242 ming va 6 xil navdagi 10 ming tup urug‘dan undirilgan va umumiy hisobda 305 mingdan ortiq olma ko‘chatlari tayyorlanib, dehqonlarimizga yetkazib berilmoqda. Uzum yetishtirish va uzumchilikni rivojlantirish maqsadida tajriba xo‘jaligimizda qariyb 400 mingga yaqin 5 xil ko‘chat tayyorlandi. Ayniqsa, hozirda talab yuqori bo‘lgan "Botir kishmish", "Qora kishmish", "Oq kishmish", "Toifi" kabi iste’molbop navlarni ko‘paytirib, xo‘jaliklarga yetkazib beryapmiz. Shuningdek, yong‘oqning talab yuqori bo‘lgan navlarini payvand qilish yo‘li bilan 61 ming tupdan ortiq sifatli yong‘oq ko‘chatlari yetishtirdik.

Tayyorlangan ko‘chatlarning sotilish geografiyasiga keladigan bo‘lsak, Xorazm va Buxoro viloyatlari asosan o‘rik, shaftoli, gilos kabi donakli mevalarni ko‘proq xarid qilishyapti. Surxondaryo va Toshkent viloyati bog‘bonlari olma, Jizzax viloyati mirishkorlari uzum ekmoqda. Viloyatimizning Qo‘shrabot va Payariq tumanlarida asosan uzum va yong‘oq ko‘chatiga talab ortgan bo‘lsa, bosh­qa tumanlarda meva ko‘chatlari bir xilda sotilmoqda.

Xaridorlarga qulaylik yaratish maqsadida stansiyamizda savdo xizmati tashkil etilib, mijozlarga naqd pul, pul ko‘chirish va bank plastik kartochkalari orqali ham ko‘chatlar taqdim etyapmiz. Bundan tashqari, stansiyamizda ko‘cha va xiyobonlar, xonadon va guzarlar obodonchiligi uchun 9 ming­dan ortiq atirgul ko‘chatlari ham tayyorlandi.

Viloyat o‘rmon xo‘jaligi bosh­qarmasi va tuman bo‘limlarida esa 800 mingga yaqin manzarali daraxt ko‘chatlari tayyorlandi. Xaridorlarga qulaylik yaratish maqsadida tuman markazlari va aholi gavjum maskanlarda ko‘chatlar savdosi tashkil etilgan.

O‘ktam QO‘ZIBOYEV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).