18 nafar abituriyentning imtihon natijalarini soxtalashtirib, o‘qishga kiritgan prorektor qo‘lga olindi

Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan Farg‘ona davlat universitetida kirish imtihonlari natijalari soxtalashtirilganligi holati yuzasidan JKning 228-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Natijada oliy o‘quv yurti prorektori tomonidan sodir etilgan jinoyat fosh etildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Tergovda aniqlanishicha, Farg‘ona davlat universiteti prorektori A.A. 2019-2020 o‘quv yili uchun “Jismoniy madaniyat” fakulteti imtihon komissiyasining mas’ul kotibi etib tayinlanib, 2019 yil iyul oyida o‘tkazilgan kirish imtihonlari jarayonida komissiyaning boshqa a’zolari bilan jami 18 nafar abituriyentlarning imtihon natijalarini sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatgan. Ushbu soxtalashtirishlar natijasida abituriyentlar oliy ta’lim muassasiga o‘qishga qabul qilingan.

2020 yil 4 martda shahar prokuraturasi tomonidan universitet prorektoriga nisbatan JKning 205-moddasi 1-qismi va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayb e’lon qilindi.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.