2006 yilda xalqaro qidiruvga berilgan shaxs Abu-Dabida qo‘lga olindi

Interpolning O‘zbekistondagi milliy markaziy byurosi xabariga ko‘ra, ushbu shaxs 1972 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi S.M. bo‘lib, u Jinoyat kodeksining 155, 161, 242 va 244-moddalarida nazarda tutilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan.

Shuning uchun O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tomonidan 2006 yilda xalqaro qidiruvga berilgan.

Olingan materiallar asosida ushbu shaxsning taxminiy joylashuvi haqidagi ma’lumot Interpol bosh kotibiyatiga yuborilgan. Fuqaro S.M. 2006 yildan boshlab AQSh hududida yashirinib yurgani aniqlangan.

2021 yilning sentyabr oyida Vashington MMB tomonidan fuqaro S.M. AQSh hududini tark etgani to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgan.

O‘zbekistondagi Interpol MMB va Birlashgan Arab Amirliklari Abu-Dabi Interpoli xodimlarining hamkorlikdagi tezkor qidiruv tadbiri natijasida fuqaro S.M. Abu-Dabiga yetib kelgan kunidan besh kun o‘tib qo‘lga olingan. Hozirda uni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.