2018 yilda viloyat bo‘yicha 2450 yosh oila o‘rtasida ajralishlar qayd etilgan. Bu ko‘p. Xo‘sh, uning kamayishi uchun kim mas’ul?

Zarnews.uz veb-saytida bir xabar o‘qib qoldim. Unda "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan "Farovon oila - jamiyat rivojining asosi" shiori ostida dekadada o‘tkazilayotgani yozilgan ekan.

Ajralishlarning 70 foizi yosh oilalarda yuz berayotganligi rost gap. Bunga yoshlarning oilaga tayyor emasligi sababligiga ham qo‘shilaman. Biroq, bu jihatlarning o‘zi bus-butun oilaga raxna sololmaydi. Misol uchun, uy-joy masalasi, ishsizlik, moddiy yetishmovchilik, yoshlarning "oila" tushunchasiga yuzaki qarayotganligi, ularning oila qurishga ruhan tayyor emasliklari, er va xotinlarning ishlash maqsadida boshqa mamlakatlarga chiqib ketganligi kabi muammolar ham muqaddas makonning buzilishiga olib kelmoqda.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, o‘tgan 2018 yilda viloyat bo‘yicha 2450 yosh oila o‘rtasida ajralishlar qayd etilgan.

Viloyat bo‘yicha 9 211 nafar, shundan 2 243 nafar (18-30 yoshgacha bo‘lgan) xotin-qizlar ishlash va bosh­qa maqsadlarda chet davlatlarga chiqib ketgan. To‘g‘ri, ularning ko‘pchiligi halol ishlab, pul topayotgan bo‘lsa-da, ming afsuski, farzandlaridan uzoqda ekanligi oila muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Yoshlarni oilaga bolaligidan tarbiyalab borish maqsadida maktab darsligiga "Oila psixologiyasi" darsini kiritishni taklif etamiz. Ayni paytda ushbu fakultativ soatlar 11-sinflar uchun o‘quv yilining 2-yarmidan boshlab o‘tiladi.

Shuningdek, yuqori sinfda o‘qiydigan o‘g‘il bolalar bilan erkak o‘qituvchilar va qizlar uchun ayol o‘qituvchilarning suhbatini yo‘lga qo‘yish, bunda ichki ishlar boshqarmasi, xotin-qizlar qo‘mitasi, "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi xodimlari, mahalla faollarini jalb etish lozim.

 Fofurjon BOBOBEKOV,

yoshlar ittifoqi viloyat kengashi faoli.