2019 yilda “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti qabul kvotasini oshiradi

“Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti prorektori, iqtisod fanlari doktori, professor Bahodir To‘rayev Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan bugun poytaxtimizdagi “Wyndham” mehmonxonasida tashkil etilgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z yuritdi. 
 
Bahodir To‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda universitetda 137 ta talaba turizm menejmenti, turizm xizmatlari va xizmatni tashkil etish yo‘nalishlarida o‘qitilmoqda. Joriy yildan universitet qabul kvotasini oshirishni rejalashtirgan. Unga ko‘ra, 2019-2020 o‘quv yili uchun kunduzgiga 300 nafar, sirtqi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha esa 100 ga yaqin talaba qabul qilinadi. 
 
Shuningdek, bakalavriat bo‘yicha ziyorat turizmi, ekoturizm, raqamli turizm, gid-ekskursovod va tarjimonlik faoliyati, turizm sohasi menejmenti, turizm sohasida xalqaro munosabatlar, turizm sohasida xalqaro huquqiy munosabatlar, turizm sohasida tadbirkorlik-huquqiy munosabatlari hamda magistratura bo‘yicha turizm (faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha), mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish, turizm sohasi menejmenti, turizm sohasi marketingi kabi yo‘nalishlar ochiladi. 
 
Malohat Husanova, O‘zA