2022 yil sarhisobi: O‘zbekiston sporti nimalari bilan esda qoldi?
2022 yilda ilk bor mahallalardan boshlab yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish maqsadida sportning 9 ta turi bo‘yicha “besh bosqichli” ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu yangi tizim orqali o‘tkazilgan sport musobaqalarida 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 6 million 200 ming nafar yoshlar qamrab olindi.
Yoshlarning musobaqalarda erishgan natijasiga qarab rag‘batlantirish maqsadida, ular istiqomat qiladigan mahalla va olis qishloq joylarda 279 ta ko‘p funksiyali sport maydonchalari qurib berildi.
Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tgan V Islom birdamligi o‘yinlarida 56 ta mamlakat jamoalari 27 ta sport turi bo‘yicha ishtirok etdi va sportchilarimiz 122 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi.
Hindistonning Chennay shahrida 188 ta davlatning 1,7 ming nafar professional shaxmatchi va grossmeysterlari ishtirokida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi g‘olib bo‘lib, Olimpiadaning bosh sovrini – Hamilton-Rassel kubogini ilk marotaba O‘zbekistonga olib kelishdi.
O‘zbekiston tarixida ilk bor sportning og‘ir atletika va dzyudo turlari bo‘yicha kattalar o‘rtasida Jahon chempionati yuqori darajada o‘tkazilib, sportchilarimiz tarixiy natija qayd etishdi.
Toshkent shahrida 100 gektar yer maydonida joylashadigan Olimpiya shaharchasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Oliy sport mahorati instituti, O‘zbekiston davlat sport akademiyasi hamda Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil qilindi.
Shuningdek, o‘rta maxsus ma’lumotli trenerlar soni 54 foizdan 48 foizga kamaydi, oliy ma’lumotli trenerlar bilan ta’minlash darajasi 52 foizga yetkazildi.