2023 yilda Samarqanddagi qurilishlarda 18 mingdan ortiq qoidabuzarlik aniqlangan
O‘tgan yili qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan viloyatdagi 1071 ta ob’yekt ro‘yxatga olingan va ushbu ob’yektlarda 8110 marotaba monitoring o‘tkazilgan.
O‘rganishlarda 18401 ta qoidabuzarlik aniqlanib, pudratchilarga 872 ta, buyurtmachilarga 2451 ta, loyihachilarga 1556 ta yozma ko‘rsatmalar berilgan.
Viloyat qurilish va uy-joy kommunal boshqarmasi hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan 2023 yil sarhisobi va joriy yil rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida sohada bajarilgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.
Mas’ullarning bildirishicha, aniqlangan kamchiliklar vaqtida bartaraf etilmaganligi bois korxonalarning mansabdor shaxslariga nisbatan 356 ta, shundan pudratchilarga 90 ta, buyurtmachilarga 191 ta va loyihachilarga 75 ta ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
- Shaharsozlik normalari va qoidalari talablari qo‘pol ravishda buzilgan, ya’ni demontaj qilish bo‘yicha 42 (shundan 6 tasida qavatlar o‘zgartirilishi, 2 tasida konstruksiyalar buzilishi, 2 tasida sifatsiz qurilish ishlari va 32 ta boshqa) holat bo‘yicha to‘plangan materiallar sudga yuborildi, - deydi viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Odil Rahimov. – Shuningdek, 730 holatda ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Noqonuniy qurilish ob’yektlarini bartaraf etish bo‘yicha 690 ta monitoring o‘tkazildi. O‘rganishlarda 508 ta noqonuniy qurilish ob’yektlari aniqlandi va 312 ta ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Hozirda 4 ta yakka tartibdagi turar-joy toifasidagi qurilmalarga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan. 210 tasining shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilib, inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tkazilishiga erishildi. Qolgan 294 ta ob’yekt bo‘yicha ularning shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, ushbu ob’yektlar bo‘yicha 359 ta ogohlantirish xati, 365 ta qurilishni to‘xtatish, mahalliy hokimliklarga 11 ta hamda prokuratura organlariga 61 ta xatlar yuborildi.
O‘.XUDOYBERDIYeV.