23 aprel – Xalqaro kitob va mualliflik huquqlarini himoya qilish kuni

Buyuk kelajak kitob va uning mualliflariga ham bog‘liq

Bugun jahon sivilizatsiyasi jadallashgani sayin insoniyatning axborotga, yangilikka bo‘lgan talabi ham ortib bormoqda. Bu talabni qondirish yo‘lida kimdir mehnat qilyapti, yana kimdir ana shu mehnat mahsulidan o‘zboshimchalik bilan foydalanmoqda. Gap mualliflik huquqlari haqida borar ekan, bizni bu borada yurtimizda, qolaversa, jahonda olib borilayotgan ishlar, yangiliklar jarayoni qiziqtiradi.

1996 yil 22-23 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi boshchiligida 300 dan ortiq vakillarimiz ishtirokida YuNESKOning Parij shahridagi bosh qarorgohida “Amir Temur va temuriylarning insoniyat sivilizatsiyaga qo‘shgan hissasi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tgandi. Konferensiya yakunida YuNESKO tomonidan 23 aprel — Xalqaro kitob va mualliflik huquqlarini himoya qilish kuni deb belgilandi. Har yili ushbu kun dunyo jamoatchiligi tomonidan bayram sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.

Darhaqiqat, mualliflik huquqi deganda, fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratish, ulardan foydalanishda yuzaga keladigan munosabatlarni qonun asosida tartibga solish tushuniladi. Qonunchilikka asosan, mualliflik huquqining ob’yekti sifatida axborot ko‘rinishidagi asarlar, intervyular, maqolalar, fan, adabiyot va san’at asarlari himoyaga olingan.

Qirolicha Anna tomonidan 1709 yilda Angliyada qabul qilingan birinchi qonun mualliflik huquqini qonunchilikda rasman tan olinganini ko‘rsatadi. Qonunga ko‘ra, birinchi marta muallif o‘z asari nusxasini ko‘paytirishda ruxsat berish huquqini oladi va natijada “Copyright” (nusxa olishga ruxsat) termini paydo bo‘ladi. 1787 yilda AQSh Konstitutsiyasida birinchi marta intellektual faoliyat natijalariga bag‘ishlangan normalar belgilangan bo‘lsa, 1790 yilda esa Kongress kartalar, chizmalar va kitoblar himoyasi haqida dastlabki Federal qonunni qabul qildi. Qonunchilikda o‘rnatilgan bu normalar keyinchalik sahna asarlari, ashula va boshqalarga ham tatbiq etila boshlandi.

Shundan so‘ng mualliflik huquqiga oid qonunlar boshqa davlatlarda ham qabul qilindi. Jumladan, Fransiyaning 1791 va 1793 yillardagi Dekretlari, Prussiyaning 1794 va 1837 yil, Daniyaning 1741 yil, Ispaniyaning 1762 yil, Rossiyaning 1830 yildagi mualliflik huquqiga oid qonunlari o‘zining tarixiyligi bilan ajralib turadi.

Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davrida mualliflik masalalariga katta e’tibor berilgan. “Sohibqiron hazratlarining purqudrat besh tayanchlari: Alloh… Tafakkur… Qilich… Imon… Kitob” hisoblangan. Yozuv va kitob tufayli dunyoviy va uxroviy (oxirat) hayot haqidagi ilmu-donishning turli jabhalarda va dunyoviy ijtimoiy turmush sohasida jamg‘arilgan bebaho tajribalar ajdodlarimizning olamdan o‘tishi bilan nom-nishonsiz yo‘qolib ketmay, balki ulardan avlodlar bahramand bo‘lishi imkoniyati tug‘ildi, bu bilan uzluksiz madaniy yuksalish uchun zamin yaratildi. Saroylarda olimu fuzalolar, adib-u shuarolar, ulamo-yu, faqihlardan iborat ilmiy-adabiy muhit tarkib topdi, yaratuvchanlik, bunyodkorlik va ijodkorlik faoliyati turli yo‘llar bilan rag‘batlantirildi.

Mualliflik huquqiga rioya etish Amir Temur davri va uning saltanatida mavjud bo‘lgan eng oliyjanob ishlardan biri sanalgan. “Islom ruhi” kitobining muallifi Amir Ali “Temur ilmu irfon homiysi edi, olimlar bilan suhbatda bo‘lishni juda sevardi, shaxsan uning o‘zi bir muallif va bir faqih (huquqshunos) edi, deb yozadi”.

Amir Temur shoir Mahmud Shabistariyning “Gulshani roz” asari uni butun o‘ziga tortgani, u kitob muallifiga hurmati sababli shoirning vatani bo‘lmish Shabistar aholisini ardoqlab, ularning har biriga besh misqol tilladan, 18 ming besh yuz milla tilla bag‘ishlagan. Bundan ko‘rinib turibdiki, Amir Temurday buyuk inson mualliflarga katta e’tibor qaratgan, ularni moddiy jihatdan rag‘batlantirilishiga rahbarlik qilgan.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mualliflik huquqining huquqiy asoslarini belgilab berdi. Konstitutsiyaning 29-moddasida har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega, deb mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lsa, 42-moddada fuqarolarga bevosita ilmiy-texnikaviy yutuqlardan foydalanish kafolatlari berildi. Konstitutsiyadagi bunday huquq va erkinlik har qanday shaxsga ijod bilan shug‘ullanish va o‘z tafakkuri mahsulotlarini hech bir to‘siqsiz tarqatish imkoniyatini beradi.

Respublikamizda mualliflar huquqini himoya qilishga qaratilgan maxsus “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuni 1996 yilda qabul qilindi. 2006 yilda esa qonun yangi tahrirda qabul qilindi. 2006 yilda Fuqarolik kodeksining mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga oid bo‘lgan 59-60-boblari ham yangi tahrirda qabul qilindi.

Qonunchilikka ko‘ra, asarlar muallif hayotligi davrida va vafotidan keyin ham 50 yilgacha himoya qilinadi. Ya’ni, muallif vafotidan so‘ng uning merosxo‘rlaridan yozma ruxsat (shartnoma tuzish) olish talab etiladi va asardan foydalanilganda, ushbu muddatda mualliflik haqi to‘lanadi.

Mualliflik huquqi nafaqat bir mamlakat hududida, balki u butun dunyoda bir xilda himoya qilinadi. Shuning uchun ham xalqaro konvensiyalar qabul qilingan. 1886 yilda buyuk mutafakkir va yozuvchi Viktor Gyugo tashabbusi hamda rahbarligida bir guruh Yevropa olimlari va ijodkorlari tomonidan “Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Bern konvensiyasiga asos solingan. Mazkur konvensiya fan, adabiyot va san’at asarlari hamda ularning mualliflari huquqlarini muhofaza qilishga qaratilgan universal xalqaro shartnomalardan biridir.

Bugun dunyoning 190 dan ortiq davlati ushbu konvensiyaning a’zosi hisoblanadi. 2005 yil 19 apreldan boshlab O‘zbekistonda ham “Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Bern konvensiyasi normalari qo‘llana boshlandi. Respublikamiz mualliflari va ularning merosxo‘rlari huquqlari butun dunyoda bir xilda muhofaza qilinmoqda.

Intellektual mulkning tarkibiy qismi sifatida mualliflik huquqi bilan himoya qilinadigan barcha asarlar sohalar bo‘yicha 10 dan ortiq xalqaro konvensiya va universal shartnomalar bilan muhofazaga olingan. Bu xalqaro hujjatlarni Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan Jahon intellektual mulk tashkiloti (JIMT) ma’muriy boshqaruvi amalga oshiradi. JIMT Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimida bo‘lib, u 1970 yildan faoliyat yuritmoqda. Tashkilotga 1974 yilda hukumatlararo xalqaro tashkilot maqomi berilgan. O‘zbekiston 1991 yildan mazkur tashkilotning teng huquqli a’zosi hisoblanadi.

Bugun respublikamizda mualliflik huquqiga oid mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgan va sohaga oid davlat siyosati olib borilmoqda, mualliflar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2019 yil 8 fevraldagi “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 1 iyuldagi qarorlari hamda hukumatimiz qarorlarida intellektual mulk sohasi, xususan, mualliflik huquqiga oid ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi.

Bundan tashqari, Prezidentimizning 2017 yil 14 avgustdagi “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan “Fan, adabiyot va san’at asarlari nashr etilganligi uchun mualliflik haqining eng kam stavkalari” belgilangan.

Muammolar ham bor…

Mamlakatimizda mualliflik huquqi sohasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, mualliflik huquqiga rioya etish masalalari dolzarb muammoligicha qolmoqda. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar, ayniqsa, xalqaro internet global tizimining xizmatidan bugun har kim, har qanday tashkilot bemalol foydalanishi, ulardagi manba (axborot)lardan kerakli ma’lumotlarni olishi va tarqatishi mumkin. Ana shunday sharoitda mualliflik huquqiga rioya etilmaslik holatlarining ko‘zga tashlanib turishi ma’qul ish emas. Buning uchun birinchi navbatda, mualliflar o‘z huquqlarini yaxshi bilishlari va huquqlarini talab qila olishlari lozim.

Kitob asar sifatida mualliflik huquqi bilan himoyaga olingan eng ommabop tafakkur olamining shaklidir. Nemis ixtirochisi I.Guttenbergning bosmaxonani yaratishi asarlarning kitob shaklida jamlash va sanoat usulida ko‘paytirish imkonini berdi. Mualliflik huquqining himoya qilish zarurati har doimgidan ko‘ra ko‘proq ehtiyoj keltirib chiqardi.

“Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda”, degan mashhur naqlning ahamiyati hozir har qachongidan ham oshdi. Kitob o‘qilmagan jamiyatda ma’naviy qadriyatlar aziyat chekadi, xalqning intellektual salohiyati yuksalmaydi. Internet bor-ku, undan istalgan narsani topsa bo‘ladi, kitob mutolaasi shartmi, deyishadi. O‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari internetdan foydalanayotgan yoshlarimizning ko‘pchiligi faqat axborot olish uchungina ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ko‘ngilochar saytlarga kirayotgani aniqlandi.

Kitobning insoniyat rivojida o‘rni beqiyos. Bekorga 23 aprel mualliflik huquqi bilan birga kitobni ham bayram qilish kuni sifatida e’tirof etilmagan. Kitob orqali bilimlar tarqatilar ekan, asarlarni kitobga jamlovchi va uni qulay vosita sifatida keng jamoatchilikka taqdim etuvchi nashriyotlar va ularda mehnat qilayotgan barcha toifadagi noshirlarga ham hurmat ko‘rsatishimiz lozim.

“Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun noshirlik faoliyatining huquqiy kafolatlarini belgilagan. Bugun respublikamizda 120 dan ortiq nashriyot faoliyat olib bormoqda. Turli ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarga noshirlik faoliyatini olib borishga ruxsat berilgan. Davlatimiz Prezidenti va hukumatimizning kitobxonlikni targ‘ib qilish, kitob sanoatini rivojlantirish, noshirlikni qo‘llab-quvvatlash, ushbu sohada mualliflik huquqini ta’minlashga qaratilgan qator hujjatlar ham qabul qilingan.

Bir so‘z bilan aytganda, jamiyat kelajagi va kelgusi taraqqiyot mualliflar va kitobga bevosita bog‘liq.

Boboqul TOShEV,

Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri,

yuridik fanlar doktori.