Nima qilsak bola kitob o‘qiydi?
Bugun ko‘pchilikni ushbu savol qiynayapti. Ba’zilar internet hayotimizga kirib kelgach, kitob o‘qish unutildi, deb hisoblaydi. Unda nega rivojlangan Yevropa davlatlarida odamlar har kuni kitob o‘qishadi, hatto jamoat transportida ham gazeta, jurnal, kitob o‘qib ketayotgan kishilarni uchratish mumkin.
Gazeta va jurnallarga hech kim majburiy obuna qilinmaydi, ammo bosma nashrlar millionlab nusxalarda chop etiladi va sotiladi. Xo‘sh, internet tezligi ham, sifati ham yuqori bo‘lgan xorijiy davlatlarda nega odamlar biz kabi kitob o‘qishni unutib qo‘ymayapti?
- An’anaviy kitobxonlik udumdan qolgan deyish noto‘g‘ri bo‘lar, - deydi Angliyada istiqomat qiluvchi vatandoshimiz Habiba Raimova. - Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan so‘rovlardan birida tumanli albionliklarning 43 foizi haftada, hech bo‘lmaganda, bir bor mutolaa qilishini aytgan. 35 foiz kitobxonlar esa haftasiga bir necha marta vaqt topsa, so‘ralganlarning 19 foizi har kuni mutolaa bilan mashg‘ul bo‘lishini bildirgan.
Kuzatish uchun erta tongda London metrosiga tushing. Vagonlarda kitobxonlar ko‘zga chalinadi. Har kim o‘z tashvishi bilan tirikchilikka otlangan. Har vagonda qariyb 10-15 kishi mutolaa qilib ketadi. Bilmagan holda men ham ergashganman bu an’anaga. Ertalabki metro qatnovi vaqtida 10-15 sahifa kitob o‘qiyman.
Bu yerda informatsiya shu qadar ko‘p va xilma-xilki, xalq yangiliklarni istasa-istamasa eshitishga, ko‘rishga, o‘qishga majbur. Bu o‘z-o‘zidan, “informatsion to‘qlik”ni keltirib chiqargan. Odamlar ma’naviy chanqoqlikni “qondirish” uchun nafaqat onlayn manbalarga, balki oddiy bosma kitoblarga, gazeta-jurnallarga intiladi. Shuningdek, kitoblar narx-navosi ham qimmat emas. Hatto kitob o‘qish uchun yangi sotib olish shart emas, bepul mutolaa qilish imkoniyati katta. Kutubxonalardan 3-4 haftadan 1-2 yilgacha istalgan kitoblarni olib mutolaa qilish mumkin. A’zo bo‘lishning o‘zi yetarli.
Bundan tashqari, xorijda o‘qish uchun yaratilgan imkoniyatlar, manbalar xilma-xil. Masalan, yemakxonalarda soatlab mutolaa qilish mumkin. Qahvaxonalarda o‘tirib ishlash, izlanish, yengil taomlar iste’mol qilib kun bo‘yi qolsa bo‘ladi. Bu yerda bunday maxsus qahvaxonalar juda ko‘p.
Shuningdek, kitobxonlikni rag‘batlantiruvchi kamsuqum, ammo ajoyib urf-odatlari bisyor. Darsliklar, o‘quv jarayonlarida siyosiylik me’yoridan baland emas.
***
Bizda esa jamoat transportida go‘daklarning ham qo‘lida mobil telefon. Aslida aloqa vositasi sifatida yaratilgan telefon bugun o‘yinchoqqa aylangan. Ko‘pincha jamoat transportida yosh bolalarning onasidan telefon so‘rab xarxasha qilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Ona ham bolaning tinch o‘tirishi uchun qo‘l telefonini beradi. Go‘dak hali o‘qish-yozishni bilmasa ham telefondan o‘ziga tegishli multfilmni topib ko‘rishni biladi. Ammo, o‘sha o‘tkir zehn maktabga borgach negadir o‘tmaslashadi. Xo‘sh, nima qilsak bolani kitob o‘qishga qiziqtirish mumkin.
Aziza Saydullayeva, Samarqand shahridagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabi oliy toifali ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi:
- Kitob o‘qiganning ong-u tafakkuri, dunyoqarashi keng bo‘ladi. Ezgulik yo‘lida barcha mashaqqatlarga qarshi kurashishda o‘zida ma’naviy kuch topa oladi. To‘g‘ri, zamonaviy texnologiyalar keng tarqalgan bugungi kunda bolalarni kitob o‘qishga qiziqtirish, ularni mutolaa jarayoniga jalb etish murakkab vazifa bo‘lib qolmoqda.
Xo‘sh, butun mamlakat bo‘ylab kitob mutolaasiga rag‘batni oshirish, kitobxonlar safini yanada kengaytirish uchun qanday ishlar amalga oshirilishi kerak? Nima qilinsa yoshlar va bolalar kitob o‘qishga jon-jahdi bilan intiladi?
Buning uchun, avvalo, kitobga olib boriladigan yo‘llar yaqin va oson bo‘lishi kerak. Ta’lim muassasalarida kutubxonalar qayerda joylashganiga e’tibor berganmisiz? Odatda maktabning eng chetida, ko‘rimsiz, kimsa bormas bir burchagida bo‘ladi. Axir u ta’lim-tarbiya, ma’naviy va barkamollik manbai-ku.
Ikkinchidan, kutubxona xodimlariga nisbatan, kutubxonachilarning esa o‘z ishiga nisbatan munosabatini o‘zgartirish kerak. Kitobxonlikka oid seminarlarda qanday qilib bolalarni kitobga qiziqtirish, bu bo‘yicha tajriba almashish va mavjud muammolarni bartaraf etishga emas, balki yuqori tashkilotlardan keladigan tekshiruvchilarning qanday hujjatlarni tekshirishi, ayni shu jihatdan kamchiliklarni qanday bartaraf etishga qaratiladi. Axir, kutubxonachi o‘z zimmasiga yuklatilgan ishlardan ortib kitob o‘qishga ham vaqt ajratishi, mutolaani jondan sevishi kerak emasmi? Kutubxonachi kitobxonga yoshidan kelib chiqib bir necha kitoblarni taklif qilsa, o‘sha kitob haqida qiziqarli hikoyalar, o‘z taassurotlarini aytib bersa, kitobxon mutolaaga berilib ketmaydimi? Har kuni shu nurli maskanga oshiqmaydimi? Ammo real vaziyatga razm solinsa aksariyat kutubxonalarda kadrlar qo‘nimsizligi odatiy holga aylangan, bor xodimlar ham kitob mutolaasidan mosuvo.
Shuningdek, bola mansub bo‘lgan jamiyat, muhit kitob o‘qishga moyil bo‘lishi kerak. Qo‘liga biror marta kitob olmagan kishining bolaga “kitob o‘qi” deb buyruq berishga haqqi yo‘q. Rus yozuvchisi Makarenko “Bolalarni bizning gap-so‘zlarimiz emas, balki xatti-harakatlarimiz tarbiyalaydi”, deganda ayni haqiqatni so‘zlagan edi.
O‘qilgan kitoblarni muhokama qilish, qanday kitoblarni mutolaa qilish bo‘yicha maslahatlar berish, afsuski, oilalarda juda kam uchraydigan holat.
Kitobxonlikni targ‘ib qilishda yangi nashr qilingan asarlar reklamasini keng yo‘lga qo‘yish, mutolaani ommalashtirish bo‘yicha ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish ham katta ahamiyat kasb etadi. Mahallalarda kitobxonlar klubini tashkil etish, bolalar uchun kitob kechalari, o‘qilgan asarlar muhokamalari, sovrinli tanlovlarni tashkil etish, kitob o‘qishga qulay o‘quv zallari, kitoblarni ijaraga berish, qarzga yoki pulini bo‘lib to‘lash mexanizmlarini ishlab chiqish va amalga tatbiq etish mumkin.
O‘quvchilarni badiiy asar mutolaasiga qiziqtirish uchun dars jarayonida qanday usullarni qo‘llashimiz kerak? Men quyidagi usulni sizga tavsiya etmoqchiman. Masalan, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanidagi Otabek obrazi, Asqad Muxtorning “Chinor” romanidagi Akbarali obrazi yoki Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasidagi “Hijron kunlari” qismining bosh qahramoni Tursunboy qismatini tahlil qilishimiz mumkin. Badiiy asarni, qahramonlar hayotini tahlil qilish bilan o‘quvchida beixtiyor o‘z hayotini tahlil qilish fikri uyg‘onadi. O‘quvchi o‘zining kuchli, kuchsiz tomonlarini, imkoniyatlarini anglab ish yurita boshlaydi. Oldida turgan to‘siqlarni, xavf-xatarlarni bartaraf etishga harakat qiladi. O‘quvchida o‘zining mustaqil hayotini, kelajagini qurish haqida fikr-mulohazalar paydo bo‘ladi, orzulari haqida mushohada yuritadi. O‘sha asar qahramonlarini yaqindan bilish maqsadida qo‘liga kitob oladi.
Shuningdek, maktabda adabiyot o‘qituvchilari, kutubxonachi o‘quvchilar bilan kitob taqdimotlari, g‘azalxonlik, she’rxonlik kechalari, asarlar bo‘yicha sahna ko‘rinishlari asosida turli tadbirlar tashkil etilishi kerak.
***
Darhaqiqat, kitobga muhabbat, avvalo, oiladan boshlanadi. Bolani kitob o‘qishga qiziqtirishning turli usullari bor. Masalan, bizga buvim har kuni uyqudan oldin ertak aytib berardi. Buvimning bir-biridan qiziqarli ertaklarini so‘zma-so‘z yodlab olgan bo‘lsak ham har kuni eshitishni istardik. Maktabga borib o‘qishni o‘rganib olganimdan so‘ng o‘zim ertak kitoblar o‘qiy boshladim. Qishlog‘imizda mo‘’jaz kutubxona bo‘lib, undagi barcha ertak kitoblarni o‘qib chiqdim. Bir kuni kutubxonachi Onaxon opa endi katta qiz bo‘lib qolding, badiiy kitoblar o‘qisang ham bo‘ladi, deb menga bir-ikkita kitoblarni tavsiya etdi. Shundan so‘ng badiiy kitoblarga mehr qo‘ydim.
Adabiyot fani o‘qituvchimiz Mehriniso Mamarahimova har gal darsda bitta badiiy kitobning eng qiziq joyidan parcha aytib berar va qolganini o‘zlaringiz o‘qinglar derdi. O‘qituvchimning mana shu uslubi ham bizni kitobga qiziqishimizni orttirdi. Shuningdek, mavzuga oid asar qahramonlarini birma bir tahlil qilardik.
Ota-onam bilan tuman markazidagi kitob do‘koniga borsam, albatta tanlagan kitobimni sotib olib berishardi. Bola kitobga mehr qo‘yishi uchun uyida kitob javon bo‘lishi va kattalar ham kitob o‘qib turishi shart va zarur.
Shuningdek, maktablarda tarix fani ko‘proq o‘tilishi kerak. Sababi, tarixni va tarixini yaxshi bilgan avlod kitob o‘qimasdan qolmaydi.
Xurshida Ernazarova.